Yevropa Til Sinovchilari Uyushmasi (ALTE) tomonidan tasdiqlangan Q-mark sifat belgisiga ega bo‘lgan TYS turk tilining xalqaro miqyosda tan olingan ilk va yagona til imtihoni hisoblanadi.
O‘qish, tinglab tushunish, yozish va gapirish kabi to‘rtta asosiy til ko‘nikmasini baholaydigan imtihon uch bosqichda o‘tkazilib, jami 180 daqiqa davom etadi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar B2 va C1 darajalarida Turk tilini bilish malaka hujjatini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Mazkur hujjat Turkiyadagi universitetlarda turk tili tayyorlov kursidan ozod etilish imkonini beradi. Shuningdek, u akademik faoliyat, ishga joylashish, gidlik va tarjimonlik kabi sohalarda muhim afzalliklar taqdim etadi.
Imtihon Turkiyada hamda Yunus Emre institutlari faoliyat yuritayotgan barcha mamlakatlarda bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Imtihon uchun arizalar 2026-yil 3–28-avgust kunlari qabul qilinadi. Imtihon esa 2026-yil 27-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Imtihonda qatnashishni istagan nomzodlar arizalarini www.sinav.yee.org.tr manzili orqali topshirishi mumkin. Imtihon mazmuni, qo‘llanmalar va batafsil ma’lumotlar bilan esa www.tys.yee.org.tr rasmiy internet manzili orqali tanishish mumkin.





















