Rasmiylarning yakshanba kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainaning Zaporojye viloyatidagi Rossiya nazorati ostida bo‘lgan janubiy hududlarga tun davomida uyushtirilgan dron hujumi natijasida bir kishi halok bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda o‘t o‘chiruvchilar dron zarbasi oqibatida yonib ketgan turar-joy binosini o‘chirayotgani aks etgan.
Vasilyevka ma’muriyati vakili Natalya Romanichenkoning Rossiya davlat axborot agentligiga ma’lum qilishicha, tungi hujumlar oqibatida o‘ndan ortiq kishi jarohatlangan va bir ayolning jasadi topilgan.
Rossiya kuchlarining nishonida esa Ukrainaning shimoli-sharqidagi Xarkov viloyati bo‘ldi. Rossiyaning Velika Babka qishlog‘iga uyushtirilgan hujumida uch kishi yaralandi. Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati yakshanba kuni bergan bayonotida, Rossiya kuchlari qutqaruv guruhlarini nishonga olganini bildirdi.
Bayonotga ko‘ra, birinchi dron hujumi uyning yonib ketishiga va uch kishining yaralanishiga sabab bo‘lgan. So‘ngra yong‘inni o‘chirish uchun yuborilgan o‘t o‘chirish mashinasiga Rossiyaning ikkinchi droni kelib urilgan. Ukraina rasmiylari "qo‘shaloq zarba" deb ataydigan bunday usulda, Rossiya avval nishonni urib, qisqa vaqt o‘tgach, yordamga kelgan qutqaruvchilarni nishonga olgan holda ikkinchi marta hujum qilmoqda.
Juma kunidan shanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning Ukraina bo‘ylab raketa va dronlar bilan amalga oshirgan hujumlarida 12 kishi halok bo‘ldi. Xarkovda besh qavatli turar-joy binosiga raketa tushishi oqibatida kamida 10 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy yakshanba kuni ijtimoiy tarmoq orqali bergan bayonotida, Rossiya so‘nggi bir hafta ichida Ukrainaga qarshi jami 1750 ta jangovar dron, 1530 ta boshqariladigan bomba va 39 ta raketa bilan hujum qilganini qayd etdi.







