Yevropaning turli mamlakatlarida kuzatilayotgan haddan tashqari issiq havo va kuchli shamollar yirik o‘rmon yong‘inlari hamda qurg‘oqchilikni keltirib chiqarmoqda.
Shu doirada Italiyaga qarashli Sitsiliya orolida kuchli shamol ta'sirida avj olgan yong‘inlar Agrijento viloyatining Bivona atrofiga ham tarqaldi. Palermo shahrida esa elektr ta'minotida uzilishlar kuzatildi.
Fransiyaning janubi - g‘arbidagi Bordo shahri yaqinida joylashgan Lej - Kap - Ferre (Lège-Cap-Ferret) hududida yuz bergan yong‘inni o‘chirish uchun qariyb 700 nafar o‘t o‘chiruvchi safarbar etildi. Rasmiylar xavfsizlik nuqtai nazaridan 20 mingdan ortiq inson evakuatsiya qilinganini ma'lum qildi. Yong‘inni o‘chirish ishlari davomida Bordo aeroporti yaqinida ikki nafar o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi.
Buyuk Britaniyaga qarashli Uels hududida esa qurg‘oqchilik va yuqori harorat sababli rasman qurg‘oqchilik holati e'lon qilindi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, iqlim o‘zgarishi oqibatida kuchaygan issiqlik Yevropa bo‘ylab tuproq va daryolardagi namlik darajasini keskin kamaytirmoqda.
Gretsiyada havo harorati 42 darajadan oshgani sababli poytaxt Afina ham doxil janubiy va markaziy hududlarda o‘rmon yong‘inlari xavfi bo‘yicha eng yuqori ogohlantirish darajasi joriy etildi. Kiprning grek qismi ma'muriyati ham harorat 43 darajaga yetishi kutilayotgani munosabati bilan ogohlantirish e'lon qildi.
Ispaniya va Italiyada transport hamda kundalik hayot izdan chiqdi
Ispaniyada bir necha kundan beri davom etayotgan yong‘inlarni nazorat ostiga olish ishlari davom etmoqda. Temir yo‘l infratuzilmasi operatori Adif, Madrid yaqinidagi temir yo‘l liniyasiga yong‘in yaqinlashgani sababli poyezd qatnovlari to‘xtatilganini ma'lum qildi. Bu holat Madrid va Barselona o‘rtasidagi yuqori tezlikdagi poyezd qatnovlarida ham uzilishlarga sabab bo‘ldi.
Ispaniya Meteorologiya agentligi ayrim hududlarda havo harorati 44 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani bois «favqulodda xavf» darajasidagi ogohlantirishni e'lon qildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, bu yil mamlakat bo‘ylab 100 ming gektardan ortiq maydon yonib ketgan.
Italiyada esa Sitsiliyaning San - Kataldo shaharchasi yaqinidagi yong‘inni o‘chirish vaqtida 59 yoshli o‘t o‘chiruvchi o‘zini yomon his qilib, vafot etdi. Orol bo‘ylab 100 dan ortiq kishi uylaridan va tibbiyot muassasalaridan evakuatsiya qilindi. Qalin tutun va kuchli issiqlik sabab ayrim aholi punktlari hamda avtomobil yo‘llari ehtiyot chorasi sifatida yopildi.
Ma'lum qilinishicha, Sitsiliyadagi yong‘inlar Afrikadan esayotgan kuchli sirokko shamollari ta'sirida tez tarqalgan. Oqibatda yaylovlar, zaytunzorlar va infratuzilma tizimlariga jiddiy ziyon yetgan.






















