Turk rasmiylari Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilish maqsadida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tganini ma’lum qildi.
Kommunikatsiyalar boshqarmasi bergan bayonotga ko‘ra, ikki yetakchi Turkiya va AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama siyosiy munosabatlar, mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi bo‘yicha belgilangan maqsadga erishish uchun tashlanadigan qadamlar, shuningdek, asosan G‘azo va Venesuela bilan bog‘liq mintaqaviy va global masalalarni muhokama qilgan.
Erdo‘g‘an avvalroq bergan bayonotida, suhbat chog‘ida Anqaraning Venesuelaga oid tashvishlarini yetkazganini aytgan edi.
Prezident Erdo‘g‘an Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng qilgan chiqishida shunday dedi:
“AQSh Prezidenti Tramp bilan bo‘lgan telefon suhbatimizda Turkiyaning nozik masalalarini unga yetkazdik. Venesuelaning beqarorlikka tortilmasligi kerakligini alohida ta’kidladik.”
Prezident Erdo‘g‘an Turkiya Venesuela xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ham qo‘shimcha qildi.
Erdo‘g‘an shunday dedi:
“Turkiya va turk xalqi farovonlik, tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi sa’y-harakatlarida do‘st Venesuela xalqining yonida bo‘lib keladi va bundan buyon ham bo‘lib qoladi.”
Oq uy hozircha uchrashuv tafsilotlari yuzasidan hech qanday bayonot bermadi.



























