Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar (Ansorulloh harakati) Qizil dengizda Saudiya Arabistoniga tegishli ikkita neft tankerini uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalar bilan nishonga olganini ma’lum qildi.
Husiylarning harbiy vakili Yahyo Sari’ videomurojaatida Saudiya Arabistoniga tegishli “ENCELIA” va “LAYLA” nomli ikkita neft tankeriga hujum uyushtirilganini bildirdi.
Sari’ ushbu tankerlar qatnov taqiqi haqidagi qarorni buzganligi sababli nishonga olinganini ta’kidlab:
“Amaliyot ko‘plab ballistik raketalar, qanotli raketalar va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida amalga oshirildi hamda nishonlarga aniq zarba berildi”, — dedi.
“O‘nga yaqin kema ortga qaytishga majbur qilindi”
Yahyo Sari’:
“Shu doiradagi harakatlar natijasida Yaman Qurolli kuchlari (husiylar) o‘nga yaqin kemani chekinishga va ortga qaytishga majbur qildi”, — deya ma’lum qildi.
Saudiya Arabistoni rahbariyatini ham bevosita ogohlantirgan husiylarning harbiy vakili:
“Yaman Qurolli kuchlari sifatida dushman Saudiya Arabistoniga shuni qat’iy ta’kidlamoqchimizki, mamlakatimizga qarshi qaratilgan har qanday ahmoqona harakat yoki hujumga uning hududlari ichkarisida amalga oshiriladigan yirik amaliyotlar bilan javob qaytariladi”, — dedi.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar 20-iyul kuni Saudiya Arabistoniga qarshi “dengiz qamalini amalga oshirishni boshlaganini” e’lon qilgan edi.
Ansorulloh harakatining harbiy vakili Sari’ Saudiya Arabistonini “qariyb 12 yildan buyon Yaman xalqiga qarshi keng qamrovli qamal olib borish, mamlakat boyliklarini talon-toroj qilish, portlar va aeroportlarni quruqlikdan, dengizdan hamda havodan qurshab olib, xalq boshdan kechirayotgan qiyinchiliklarni chidab bo‘lmas darajaga yetkazish”da ayblagan edi.



















