Finlandiya Prezidenti Aleksandr Stubb Yevropa Ittifoqi (YI) va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga chaqirib, Anqarani Yevropa xavfsizligining «muhim» ishtirokchisi hamda NATOning «ajralmas» ittifoqchisi sifatida ta’rifladi.
Dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan YI Kengayish forumida so‘zga chiqqan Stubb ikki tomonning umumiy manfaatlari borligini va ustuvor yo‘nalishlar mos keladigan sohalarda hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
«Yevropa xavfsizligining muhim ishtirokchisi va NATOning ajralmas ittifoqchisi bo‘lgan Turkiya haqida ham ochiq gaplashishimiz kerak», — degan Stubb YI va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik manfaatlar kesishgan har bir jabhada «chuqurlashishi mumkinligi va chuqurlashishi shart ekanligini» urg‘uladi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiya ushbu sektorda faoliyat yuritayotgan 3 500 dan ortiq kompaniyasi bilan jadal rivojlanayotgan mudofaa va aviatsiya sanoatini yo‘lga qo‘yib, tobora muhim qurol ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi davlatga aylanib bormoqda.
Yevropa duch kelayotgan keng ko‘lamli muammolarga to‘xtalgan Stubb yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat, qit’adagi urush, texnologik kurash va ortib borayotgan noaniqliklarga e’tibor qaratdi.
YI kengayishi ushbu muammolarga qarshi strategik javob bo‘lishini qayd etgan Stubb ittifoqni «eng muvaffaqiyatli tashqi siyosat vositasi» deya ta’riflangan ushbu mexanizmdan unumli foydalanishga chaqirdi.
«Yevropa Ittifoqi ega bo‘lgan eng muvaffaqiyatli tashqi siyosat vositasidan yaxshi foydalanishimiz lozim», — deya ta’kidlagan Stubb kengayish jarayoniga shunchaki texnik masala emas, balki «strategik, geosiyosiy vosita» sifatida qarash kerakligini bildirdi: «Va ha, qudrat ko‘lam bilan ham bog‘liq. YI qanchalik katta bo‘lsa, global miqyosda shunchalik ko‘p kuch namoyon eta olamiz».
Yevropa «keng miqyosda fikrlashi» kerak
Yevropa «uyg‘onganini», «qayta qurollanayotganini» va «geosiyosiy o‘yinchi»ga aylanganini aytgan Stubb YIga a’zo davlatlar hamda nomzod mamlakatlarni ittifoq kelajagi borasida dadil fikrlashga undadi.
«Kengayish — ijodiy, moslashuvchan va bosqichma-bosqich integratsiya bilan uyg‘unlashgan holda, yana davrimizning asosiy strategik loyihalaridan biriga aylanishi kerak», — dedi Finlandiya rahbari.

















