ABD yetakchiligida Mayamida o‘tkazilgan va yakshanba kuni (21.12.2025) yakunlangan tinchlik muzokaralaridan atigi bir necha kun o‘tib, Ukraina armiyasi seshanba kuni (23.12.2025) ertalab Rossiya tomonidan Kiyevga qarshi havo hujumi boshlatilganini ma’lum qildi.
Kiyev harbiy ma’muriyati mavzu haqida Telegram orqali bergan bayonotida: “Havo mudofaa kuchlari poytaxt osmonidagi tahdidni bartaraf etishga harakat qilmoqda”, — degan ifodalarga o‘rin berdi va aholini tahlika o‘tib ketgani haqida rasmiy xabar berilmaguncha boshpanalarda qolishga chaqirdi.
Rasmiylar hodisa bo‘yicha hozircha qurbonlar bor yoki yo‘qligi, yoki bo‘lmasa ziyon ko‘rganlar haqida hech qanday ma’lumot bermagan, hujumning to‘liq ko‘lami ham hali aniqlanmagan.
Mayamida hafta oxiri bo‘lib o‘tgan muzokaralarda AQSh rasmiylari ukrain va yevropalik delegatsiyalar bilan uchrashdi. Bunga qo‘shimcha ravishda Rossiya vakillari bilan ham alohida aloqalar o‘rnatilishiga imkon berdi. Vashington Rossiyaning Ukrainadagi urushini yakunlash bo‘yicha yechim topish imkoniyati bor - yo‘qligini sinab ko‘rdi.
Urush bo‘yicha muzokaralarda ijobiy ishoralar
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan qariyb to‘rt yildan beri davom etayotgan urushni tugatishga qaratilgan muzokaralar haqiqiy yakuniy natijaga juda yaqin ekanini bildirdi.
Ukrainalik diplomatlar uchun tashkil etilgan yig‘ilishda nutq so‘zlagan Zelenskiy Ukraina, AQSh va Yevropadagi hamkorlar ishtirok etgan muzokaralar sezilarli siljishga erishganini ta’kidlagan holda mavzu haqida shunday dedi: “Hammasi juda muhim va bebaxodek… Bu yerda muhim jihat shundaki, bu ishlar ham biz, ham Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan birgalikda olib borilmoqda. Bu esa haqiqiy yakuniy natijaga juda yaqin ekanimizdan dalolat beradi.”
Katta lavozimli amaldor Rustam Umerov boshchiligidagi ukrain muzokarachilari AQSh vakillari bilan, jumladan Floridadagi so‘nggi uchrashuvlarni ham o‘z ichiga olgan holda bir qator muzokaralar o‘tkazdi.
Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putinning investitsiyalar bo‘yicha vakili, rossiyalik muzokarachi Kirill Dmitriyev ham ayni joyda AQSh rasmiylari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Ukraina bilan Rossiya rasmiylari o‘z delegatsiyalari muzokaralar natijalari haqida hisobot berish uchun dushanba kuni mamlakatlariga qaytganini ma’lum qildi.









