TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida uchta yirik elektr energetikasi loyihasi rejalashtirilmoqda
Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar Turkiya va Ozarbayjon elektr energetikasi sohasida uchta yirik loyihani amalga oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida uchta yirik elektr energetikasi loyihasi rejalashtirilmoqda
Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar

Dunyo inqirozlar olamiga aylangani va inqirozlar endilikda “yangi odatiy holat” bo‘lib qolganini ta’kidlagan Bayraktar, shunday sharoitda Turkiya va Ozarbayjon energetika sohasida oldindan prognoz qilish mumkin bo‘lgan, diversifikatsiyalashgan va yanada keng hamkorlikni rivojlantirayotganini aytdi.

Bayraktar Boku–Tbilisi–Erzurum tabiiy gaz quvuri, TANAP va TAP kabi loyihalarni eslatib:

“TANAP orqali joriy yilga qadar 100 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Bu quvur Yevropaning energiya ta’minoti xavfsizligiga juda katta hissa qo‘shmoqda”, dedi.

Turkiya va Ozarbayjon bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatlarga ega ekanini qayd etgan Bayraktar, Ozarbayjon muhim neft va tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi davlat ekanini, hozir esa elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi mamlakatga aylanish yo‘lida ilgarilayotganini bildirdi.

Bayraktar Turkiya energiyaga ehtiyoji tobora ortib borayotgan yirik bozor ekanini ta’kidlab:

“Turkiya ayni paytda yirik iste’molchi bo‘lgan Yevropa bilan ko‘plab aloqalarga ega. Shu sababli bu yerdagi energiyani Yevropaga eksport qilish salohiyati va imkoniyatiga ega mamlakatdir”, dedi.

Bayraktar, avvalo, Boku–Tbilisi–Erzurum, Boku–Tbilisi–Jayhon va TANAP kabi mavjud loyihalarning quvvatidan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bugungi kunda Boku–Tbilisi–Jayhon quvuri orqali kuniga 600 ming barrel neft tashilmoqda, holbuki quvurning umumiy sig‘imi bir million barrelni tashkil etadi.

Ushbu quvur orqali Markaziy Osiyo va Turk dunyosidagi boshqa manbalardan ham xom neft tashilishi kerakligini qayd etgan Bayraktar, tabiiy gaz bo‘yicha ham shunga o‘xshash ishlarni amalga oshirish mumkinligini aytdi.

Bayraktar elektr energetikasi sohasida juda yirik loyihalar rejalashtirilayotganini bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi:

“Biz uchta asosiy loyihani muhokama qilmoqdamiz. Bular — Naxchivon orqali Turkiyaga elektr uzatish liniyasini olib kelish, Turkiya–Gruziya–Ozarbayjon–Bolgariya to‘rt tomonlama yashil energiya yo‘lagini barpo etish hamda Qora dengiz tubi orqali Yevropaga boradigan elektr uzatish liniyasini qurishdir.”