AQSH Prezidenti Donald Tramp Polshada AQSH harbiy bazasini tashkil etish borasida sezilarli yutuqlarga erishilganini va yangi bazaning joylashuvi yaqin orada e’lon qilinishini ma’lum qildi.
AQSH Prezidenti Tramp Truth Social sahifasidagi bayonotida Polsha va AQSH o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka doir muhim yangilikni e’lon qildi.
Tramp Polsha Prezidenti Karol Navrotskini «jasur rahbar» deb atab: «Polshada AQSH harbiy bazasini tashkil etish yo‘lida muhim yutuqlarga erishilmoqda. Agar bu amalga oshsa, bazaning joylashuvi juda yaqin orada e’lon qilinadi», — dedi.
AQSH Prezidenti ushbu qadam ikki mamlakat o‘rtasidagi ittifoq uchun «tarixiy» ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi.
Polsha rahbarlari Trampning bayonotini mamnuniyat bilan qarshi oldi
Polsha Prezidenti Karol Navrotski X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSH Prezidenti Trampga «so‘zlari, do‘stligi hamda Polsha–AQSH hamkorligiga qat’iy sodiqligi» uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u mudofaa sohasidagi hamkorlikni jiddiy va mas’uliyatli tarzda birgalikda mustahkamlashni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Navrotski Polsha hukumati AQSH harbiy bazasi uchun eng maqbul joyni taqdim etish maqsadida barcha imkoniyatlarni ishga solishini bildirdi.
Polsha Bosh vaziri o‘rinbosari va Milliy mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish ham X platformasidagi bayonotida Tramp va Navrotski o‘rtasidagi yaxshi hamkorlik ijobiy natijalar berayotganini qayd etdi.
«Bu strategik hamkorligimizning muhim tasdig‘idir. Polshada doimiy Amerika bazasini tashkil etish yo‘lida qilgan barcha sa’y-harakatlaringiz uchun minnatdorlik bildiraman. Xavfsizligimiz uchun birgalikda ishlayapmiz», — dedi u.


























