TURK DUNYOSI
3 daqiqa o'qish
Ozarbayjon bilan Turkiya yangi strategik loyihalarni muhokama qildi
Ozarbayjon bilan Turkiya energetika, yashil energiya, transport va mintaqaviy bog‘liqlik sohalarida kelgusi o‘n yilliklarga mo‘ljallangan yangi loyihalar ustida hamkorlik qilmoqda.
Ozarbayjon bilan Turkiya yangi strategik loyihalarni muhokama qildi
_

Ozarbayjon Tashqi Ishlar vaziri Jayxun Bayramov mamlakati va Turkiya «kelgusi o‘n yilliklarga» mo‘ljallangan yangi loyihalar ustida katta muvofiqlashtirish asosida ish olib borayotganini bildirdi.

Seshanba kuni Bokuda turkiyalik hamkasbi Hakan Fidan bilan o‘tkazgan uchrashuvlardan so‘ng tashkil etilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Bayramov muzokaralarning asosiy mavzusi «strategik ahamiyati bilan ajralib turadigan an’anaviy sohalar» ekanini ta’kidladi.

Energetika sohasiga alohida urg‘u bergan Bayramov Boku – Tbilisi – Jeyxan neft quvuri loyihasi hamda Janubiy gaz koridorining amalga oshirilishi va faoliyat yuritishi Ozarbayjon va Turkiyaning, shuningdek, «keng geografik hududning» energetik xavfsizligiga «ulkan» hissa qo‘shganini ifoda etdi.

Bayramov: «Hozirgi bosqichda kelgusi o‘n yilliklarga mo‘ljallangan ulkan imkoniyatlar va katta salohiyatga ega loyihalar mavjud degan fikrdamiz va bu loyihalar ustida ikki davlat o‘rtasida yaqin muvofiqlashtirish asosida ish olib borilmoqda» - dedi.

Bayramov ushbu loyihalar orasida, ayniqsa, muqobil energiya sohasidagi ishlar ajralib turishini qayd etib, Ozarbayjonda ishlab chiqariladigan yashil energiyani Qora dengiz orqali Yevropaga yetkazish hamda Turkiyaning ushbu loyihadagi ishtiroki muhokama qilinganini bildirdi.

Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Bolgariya yo‘nalishi orqali yangi energiya kabelini yotqizish va Naxchivonni Turkiya bilan bog‘laydigan yangi energiya kabeli loyihalari ham kun tartibida ekanini bildirgan Bayramov quyidagilarni qayd etdi:

«Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi bilan yashil energiya sohasida ikki davlatning ishtiroki orqali nafaqat Ozarbayjon va Turkiya davlatlari hamda bozorlari, balki Yevropa bozori uchun ham Turkiya orqali muqobil energiyani yetkazib berishda juda katta salohiyatga ega yangi yo‘nalishlar yuzaga keladi».

Bayramov Hakan Fidan bilan Ozarbayjonning ko‘p tomonlama platformalardagi faoliyati yuzasidan keng ko‘lamli fikr almashgani va Turk Davlatlari Tashkiloti (TDT) kabi turli platformalar doirasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari, ayniqsa, muhokama qilinganini bildirdi.

TDTning navbatdagi sammiti kelasi oy Turkiyada o‘tkazilishini yodga solgan Bayramov mazkur yig‘ilishga tayyorgarlik bo‘yicha samarali muzokaralar o‘tkazilgani va tashkilot har ikki davlat uchun ham «alohida ahamiyatga» ega ekanini ta’kidladi.

Ozarbayjonlik vazir: «COP29ga raislik qilgan mamlakatimiz yaqin orada COP31ga mezbonlik qiladigan Turkiyani to‘liq qo‘llab - quvvatlashini bildiradi. COP29da ishtirok etgan va o‘shandan beri iqlim diplomatiyasida faol rol o‘ynab kelayotgan barcha jamoamiz tayyorgarlik bosqichida ham, tadbirning o‘zida ham COP31ning muvaffaqiyatli o‘tkazilishida nihoyatda faol rol o‘ynaydi» - dedi.

Bayramov Hakan Fidan bilan Janubiy Kavkaz va Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashganini bildirdi.

Boku va Anqaraning mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish borasida ko‘rayotgan choralariga to‘xtalgan Bayramov Ozarbayjonda yangi transport infratuzilmasini yaratish ishlari jadal sur’atlarda davom etayotganini ifoda etdi.

Shu munosabat bilan Bayramov Ozarbayjon materigidan qo‘shni Armaniston chegarasigacha cho‘zilgan avtomobil yo‘llarining qariyb 95 foizi qurib bitkazilgani, temiryo‘l qurilishida esa 75 foizlik bosqichga yetilganini bildirdi.

Bayramov Naxchivondagi temiryo‘l aloqalarini qayta tiklash ishlari hayotiy ahamiyatga ega ekani va bu boradagi faoliyat allaqachon boshlanganini ta’kidladi.

Tashqi Ishlar vaziri Xalqaro Tinchlik va farovonlik uchun Tramp yo‘li (TRIPP) loyihasining Armaniston hududidan o‘tuvchi 42 kilometrlik qismi yuzasidan Yerevan va Vashington o‘rtasida to‘g‘ridan - to‘g‘ri muzokaralar olib borilayotgani, AQSh bu borada Ozarbayjonni muntazam ravishda xabardor qilib kelayotganini qayd etdi.

Ushbu qismni «yetishmayotgan bo‘g‘in» deb atagan Bayramov yo‘nalishning yakunlanishi bilan Yevropani Turkiya va Ozarbayjon orqali Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan “muhim va yangi transport koridori” vujudga kelishiga e’tibor qaratdi.