Turkiya Respublikasi Energetika va tabiiy resurslar vazirligi bayonotiga ko‘ra, “O’sman Gazi” suzuvchi ishlab chiqarish platformasi Qora dengizdagi Sakarya gaz konida mahalliy tabiiy gaz ishlab chiqarishni ikki baravar oshiradi.
Qora dengizda 20 yil xizmat qiladigan platforma yordamida Sakarya gaz konidagi kunlik tabiiy gaz ishlab chiqarishni 9,5 million kub metrdan 20 million kub metrga yetkazish maqsad qilingan.
Ilk bor 2024-yil iyul oyida Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an tomonidan jamoatchilikka tanishtirilgan “O’sman Gazi” platformasining uzunligi 298,5 metr, eni 56 metr va chuqurligi 29,5 metrni tashkil etadi. Prezident Erdo‘g‘an 2025-yil 27-mayda platformaga “O’sman Gazi” nomi berilganini e’lon qilgan va 2025-yil 29-mayda uni Do’lmabahche ish qarorgohidan Filyosga kuzatgan edi.
Zo’nguldakning Filyos hududida akkreditatsiya va sertifikatlash jarayonlaridan o‘tgan platforma Qora dengizdagi xizmatiga tayyorlanish davomida qayta jihozlandi. Platformaning ustki qismidagi 21 ta alohida inshootdan 11 tasi Sakarya gaz konining xususiyatlariga mos ravishda qayta qurildi. Ularning 7 tasi Turkiyada, 4 tasi esa xorijda ishlab chiqarildi. Qolgan 10 ta inshoot ham kon sharoitiga moslashtirilib, platformaga birlashtirildi.
Texnik xizmat va tayyorgarlik ishlari davomida kuniga qariyb 6 kilometr kabel yotqizilgan platformada jami 642 kilometr elektr kabeli mavjud. Qariyb 30 kilometr quvur ham yotqizilgan ushbu ishlarda 7 mingga yaqin kishi qatnashdi.
Joriy yil avgust oyida favqulodda vaziyatlarda ajralib chiqadigan uglevodorod gazlarini xavfsiz chiqarib yuborishni ta’minlaydigan mash’ala minorasi platformaga o‘rnatildi. Balandligi 96 metr, asosining maydoni qariyb 65 kvadrat metr va og‘irligi 260 tonna bo‘lgan minora platformadagi o‘z joyiga o‘rnatildi.
Ilk gaz bu yil yoqiladi, ishlab chiqarish 2027-yilda boshlanadi
140 nafar xodimga mo‘ljallangan “O’sman Gazi” bugun Filyo’s portidan kuzatilganidan so‘ng qirg‘oqdan qariyb 170 kilometr uzoqlikdagi hududda 20 yil xizmat qiladi. Platforma zavod kabi ishlab, qayta ishlangan tabiiy gazni foydalanishga tayyor holga keltiradi va milliy gaz tarmog‘iga uzatadi.
Platformaning kunlik tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi hozirgi narxlarda qariyb 10 million dollarga teng bo‘lishi, Turkiya iqtisodiyotiga esa yiliga 3,5 milliard dollar hissa qo‘shishi hisoblanmoqda.
“O’sman Gazi” xizmat joyiga kuzatilganidan keyin yil oxiriga borib mash’ala minorasida ilk gazni yoqish, 2027-yil boshida esa ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilmoqda. Shu tariqa Sakarya gaz konini o‘zlashtirishning ikkinchi bosqichi yakunlanishi ko‘zda tutilmoqda.




















