Turkiya Tashqi ishlar vazirligi husiylarning Makka shahrini nishonga olgan uchuvchisiz uchish apparati hujumini qoraladi.
Vazirlik husiylarning Makkani dron bilan nishonga olishga urinishiga doir yozma bayonot berdi.
Bayonotda: «Husiylarning muqaddas Makka shahrini nishonga olgan dron hujumini keskin qoralaymiz», deyiladi.
Unda Turkiyaning Saudiya Arabistoni suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashi tasdiqlanib, ushbu mamlakat bilan birdam ekani yana bir bor ta’kidlandi.
Bayonotda: «Mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka ham tahdid solayotgan bu hujumlarni zudlik bilan to‘xtatish hamda keskinlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan har qanday harakatdan tiyilish haqidagi chaqirig‘imizni takrorlaymiz», deyiladi.
Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi Arab koalitsiyasi matbuot kotibi, brigada generali Turki al-Malikiy kecha mahalliy vaqt bilan soat 18.50 atrofida Saudiya Arabistoni Qirollik havo mudofaa kuchlari husiylar uchirgan dronni Makka shahridagi parvoz taqiqlangan havo hududiga kirishidan oldin aniqlab, shahar janubida to‘xtatgani va yo‘q qilganini ma’lum qilgan edi.
Husiylar iddaoni rad etdi
Husiylarning harbiy vakili Yahyo Sariy esa Makkani nishonga olganlari haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan edi.
Sariy Saudiya Arabistoniga qarshi hujumlarda faqat neft inshootlari va harbiy bazalarni nishonga olishlarini bildirib, muqaddas maskanlardan butunlay uzoq turish strategiyasiga amal qilishlarini ta’kidlagan edi.






















