TURK DUNYOSI
1 daqiqa o'qish
Turk davlatlari o‘rtasida “TURKPOL” tashkil etiladi
Ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi Turk davlatlari tashkiloti yig‘ilishida jinoyatchilikka qarshi hamkorlikni kuchaytirish uchun Interpol va Europolga o‘xshash “TURKPOL” tuzishni taklif qilganlarini ma’lum qildi.
Turk davlatlari o‘rtasida “TURKPOL” tashkil etiladi
Ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi, Erzurumda

Ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Kultegin yodgorligiga 1300 yil avval bitilgan “Kechasi uxlamadim, kunduzi o‘tirmadim” tamoyiliga bugun ham amal qilayotganlarini ta’kidladi.

Chiftchi: “Xalqlarimizning tinchligi uchun zimmamizdagi mas’uliyatni anglagan holda mehnat qilmoqdamiz”, dedi.

Qozog‘istonda o‘tkazilgan Turk davlatlari tashkiloti Ichki ishlar vazirlarining uchinchi yig‘ilishi haqida ma’lumot bergan Chiftchi, Turk davlatlari o‘rtasida xavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim masalalarni muhokama qilganlarini bildirdi.

Turkiya taklif qilgan Jinoyatchilikka qarshi kurash kengashini tuzish masalasi qo‘shma bayonotga kiritilganini aytgan Chiftchi, kengash yangi avlod jinoiy tashkilotlari, terrorizm, giyohvand moddalar savdosi, noqonuniy migratsiya, noqonuniy pul tikish va qimor jinoyatlariga qarshi kurashda umumiy imkoniyatlarni kuchaytirishini ta’kidladi.

Chiftchi so‘zlarini quyidagicha davom ettirdi:

“Kelgusi oy Anqarada muhtaram Prezidentimiz Rejep  Toyyib Erdo‘g‘an mezbonligida o‘tkaziladigan Turk davlatlari tashkiloti rahbarlari sammitida Kengashning ta’sis bitimi imzolanishini maqsad qilganmiz”.

Interpol va Europolga o‘xshash tashkilot tuzishni ko‘zlayotganlarini bildirgan Chiftchi, Turk davlatlari o‘rtasida “TURKPOL” nomli umumiy tuzilma tashkil etishni taklif qilganini ma’lum qildi.

Chiftchi ushbu taklif yig‘ilishda qatnashgan Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ichki ishlar vazirlari tomonidan ham juda ijobiy kutib olinganini bildirdi.