Yevropa Kengashining ma’lum qilishicha, 2027-yilgi budjetda umumiy majburiyatlar 199,7 milliard yevroni, to‘lovlar esa 211,5 milliard yevroni tashkil etadi.
Bayonotda budjet YeIning Ukraina va Yaqin Sharqdagi inqirozlar kabi mavjud sinovlarga qarshi kurashish salohiyatini saqlab qolishi ta’kidlangan. Shuningdek, kutilmagan ehtiyojlar uchun 710,1 million yevro miqdorida zaxira mablag‘ ajratilgan.
2027-yilgi budjetdan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilishi belgilangan:
Hamjihatlik, barqarorlik va qadriyatlar: 81,8 milliard yevro
Tabiiy resurslar va atrof-muhit: 61,3 milliard yevro
Yagona bozor, innovatsiya va raqamlashtirish: 22,8 milliard yevro
Qo‘shnichilik va dunyo: 16,7 milliard yevro
Yevropa davlat boshqaruvi: 13,9 milliard yevro
Migratsiya va chegaralarni boshqarish: 3,9 milliard yevro
Xavfsizlik va mudofaa: 2,2 milliard yevro
Ukrainani qo‘llab-quvvatlash krediti: 650 million yevro
Maxsus vositalar: 8,3 milliard yevro
Ma’lumot uchun, YeI budjetida "majburiyatlar" bir necha moliya yiliga cho‘ziladigan faoliyatlar uchun berilgan xarajat va’dalarini, "to‘lovlar" esa joriy va avvalgi yillarda olingan majburiyatlardan kelib chiqadigan xarajatlarni qamrab oladi.
Budjetning daromad qismi asosan a’zo davlatlar tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan shakllanadi. YeI budjetining ijrosini esa bosh qarorgohi Lyuksemburgda joylashgan Yevropa Hisob palatasi nazorat qiladi.























