DUNYO
1 daqiqa o'qish
Fransiya mudofaa vaziri fransuz askarlari Ukrainada vaqti-vaqti bilan bo‘lishini aytdi
PARIJ (AA) — Fransiya mudofaa vaziri Katrin Votren ayrim fransuz askarlari vaqti-vaqti bilan Ukrainaning jangovar harakatlar hududidan tashqaridagi joylarida bo‘lishini ma’lum qildi.
Fransiya mudofaa vaziri fransuz askarlari Ukrainada vaqti-vaqti bilan bo‘lishini aytdi
FRANCE-POLITICS-GOVERNMENT-CABINET / AFP (Wire)

Votren Parijda Senatning yalpi majlisida Rossiya–Ukraina urushi haqida so‘zladi.

Vazir Fransiya urush boshlangan 2022-yildan buyon Ukrainani qo‘llab-quvvatlab kelayotganini aytdi. Uning ma’lum qilishicha, shu paytgacha Fransiya va Polshada 25 mingdan ortiq ukrainalik harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.

Votren Fransiya Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun jangovar samolyotlar, havo mudofaasi vositalari va artilleriya tizimlarini yuborganini, bu harbiy texnikani yetkazib berish uchun texnik yordam zarurligini ta’kidladi.

Vazir jihozlardan foydalanishni o‘rgatish va ularni jangovar sharoitda ishlatishga tayyor holda saqlash zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu maqsadda ayrim fransuz askarlari vaqti-vaqti bilan Ukrainada, jangovar harakatlar hududidan tashqarida bo‘lib turadi.

Votren Ukrainaga borgan fransuz harbiylari haqida gapirar ekan, «Bizning to‘qnashuvga kirishish niyatimiz yo‘q», dedi.

Fransiyaning Radio France Internationale (RFI) jamoat radiosi fransuz harbiylari bir necha oydan beri Ukrainada maxfiy yordam missiyasini bajarayotganini da’vo qilgan edi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov kecha Ukrainada fransuz askarlari borligini aytib, «Bu endi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash emas, balki urushda bevosita ishtirok etishdir», dedi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro esa Rossiya rasmiylarining da’vosini rad etib, Fransiya Rossiya–Ukraina urushining tomoni emasligini bildirdi.