AQSh Prezidenti Donald Tramp Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keyr Starmer migratsiya va energetika siyosatidagi muvaffaqiyatsizliklari sabab iste’foga chiqishini aytdi. Bu bayonot Britaniya yetakchisi dushanba kuni iste’fo uchun vaqt jadvalini e’lon qilishi mumkinligi haqidagi keng tarqalgan taxminlar fonida yangradi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:
“Keyr Starmer Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqadi. U ikki juda muhim masalada — MIGRATSIYA VA ENERGETIKA (SHIMOLIY DENGIZ NEFTINI QAYTA OCHISH!) bo‘yicha juda muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Unga eng yaxshi tilaklarimni bildiraman.”
BBC yakshanba kuni hukumat ichidagi bir nechta manbalarga tayanib bergan xabarida, siyosiy muhit o‘zgarayotgani sababli Starmer dushanba kuni iste’fo jarayoniga oid vaqt jadvalini e’lon qilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Oq uydan ichki siyosat bo‘yicha tanqid
Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida markazchi-chap Leyboristlar partiyasi yetakchisi Starmerni tanqid qilib, uning samarasiz siyosati siyosiy inqirozga olib kelganini ta’kidladi.
Tramp Britaniya hukumatini Shimoliy dengizda yangi neft va tabiiy gaz qidiruv litsenziyalarini berishni muzlatib qo‘yish haqidagi qarorni bekor qilishga chaqirgan hamda mamlakatdagi shamol elektr stansiyalarini tanqid qilgan edi.
Bir paytlar AQSh prezidentini o‘z tomonida ushlab turish qobiliyati sabab “Trampning qulog‘iga pichirlovchi odam” deb atalgan Starmer so‘nggi paytlarda Eron bilan bog‘liq urush masalasida amerikalik hamkasbi tomonidan keskin tanqidlarga duch kelmoqda.

















