Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Kipr tinchlik amaliyotining 52 yilligi faxr bilan nishonlanayotganini ma’lum qildi.
Vazirlik Turkiya kelajakda ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasining manfaatlarini himoya qilishni, kiprlik turklarning azaliy huquqi bo‘lgan suveren tengligi va teng xalqaro maqomi tan olinishi uchun bor kuchi bilan faoliyat olib borishni davom ettirishini bildirdi.
Vazirlik “NSosyal” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Kipr tinchlik amaliyotining 52 yilligi munosabati bilan bayonot e’lon qildi.
Bayonotda quyidagi fikrlar bildirildi:
“Kipr turk xalqining ozodlik kurashini g‘alaba bilan yakunlagan Kipr tinchlik amaliyotining 52 yilligini faxr bilan nishonlaymiz. Bundan roppa-rosa 52 yil avval Turkiya 1960-yilgi Kafolat shartnomasidan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlari doirasida harakatga kirishib, kiprlik turklarning hayoti xavfsizligini hamda oroldagi mavjudligini kafolatlagan edi”.
Bayonotda bugun Kipr turk xalqi Shimoliy Kipr Turk Respublikasi bayrog‘i ostida boshini baland tutib, tinchlik va xavfsizlik sharoitida yashayotgani ta’kidlandi.
“Ona Vatan va kafil davlat Turkiya kecha bo‘lgani kabi, bugun va kelajakda ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasining manfaatlarini himoya qilishni, kiprlik turklarning azaliy huquqi bo‘lgan suveren tengligi va teng xalqaro maqomi tan olinishi uchun bor kuchi bilan faoliyat olib borishni davom ettiradi. Kiprda tinchlik o‘rnatgan, milliy da’vomiz yo‘lida hech ikkilanmay shahidlik maqomiga erishgan turk askarlari va mujohidlarimizni rahmat bilan yod etamiz hamda faxriylarimizga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz”, deyiladi bayonotda.




















