Eronga qarshi olib borilayotgan urushning global oqibatlari dunyo bo‘ylab ochlik muammosini yana - da kuchaytirmoqda. Birlashgan Millatlar tashkilotining Jahon oziq - ovqat dasturi (WFP) ijrochi direktori o‘rinbosari Karl Skau chorshanba kuni (10.06.2026) CNN telekanaliga bergan intervyusida millionlab inson og‘ir oziq - ovqat inqirozlariga duch kelish xavfi ostida ekanini ma’lum qildi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi yoqilg‘i narxlarining keskin oshishiga sabab bo‘ldi. Bu holat nafaqat BMTning insonparvarlik yordam amaliyotlari xarajatlarini ko‘paytirdi, balki butun dunyoda oziq - ovqat narxlarining qimmatlashishiga ham olib keldi. Shuningdek, Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan o‘g‘it yetkazib berishdagi uzilishlar Sudan kabi davlatlarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bularning barchasi Jahon oziq - ovqat dasturi allaqachon jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan bir davrda sodir bo‘lmoqda. Skau bu borada shunday dedi: «Ko‘plab hududlarda biz oziq - ovqat yordamini endi och odamlardan qisqartirib, ochlikdan hayotdan ko‘z yumish xavfi ostida turganlarga yo‘naltirishga majbur bo‘lyapmiz».
Asosan hukumatlar xayriyalari hisobidan faoliyat yuritadigan tashkilotga ajratilayotgan mablag‘lar so‘nggi yillarda sezilarli darajada kamaydi. Bu pasayishda tashkilotning eng yirik donorlaridan biri bo‘lgan AQShdagi moliyaviy qisqartirilishi ham muhim rol o‘ynadi. AQSh tomonidan 2026 - yil uchun ajratilgan mablag‘ qariyb 731 million dollarni tashkil etayotgan bo‘lsa, 2024 - yilda bu ko‘rsatkich 4 milliard dollardan oshgan edi.
Skau eng kambag‘al mamlakatlardagi vaziyatni quyidagi so‘zlar bilan izohladi: «Oziq -ovqat narxlari 20 – 30 foizga oshganda, insonlar ham majburan 20 - 30 foizga kamroq ovqat iste’mol qiladi».
Jahon oziq - ovqat dasturi mart oyida e’lon qilgan bayonotida neft narxi bir barrel uchun 100 dollardan yuqori darajada saqlanib qoladigan bo‘lsa, yana 45 million kishi o‘tkir ochlik xavfi ostida qolishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Skauga ko‘ra, bu holatning salbiy oqibatlari allaqachon Shri - Lanka, So‘maliya va Afg‘onistonda sezila boshlagan.
Uning ta’kidlashicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bugun qayta ochilgan taqdirda ham vaziyatning iziga tushishi uchun vaqt talab etiladi.
«Yetkazilgan ziyonlarni bartaraf etish oson bo‘lmaydi”, — dedi Skau va o‘z so‘zini quyidagicha yakunladi: “Umid qilamizki ushbu mojaro tezroq yakunlaydi va bo‘g‘oz imkon qadar tezroq qayta ochiladi. Biroq bu inqirozning eng himoyasiz qatlamlarga ta’sirini kamaytirish uchun boy mamlakatlar ko‘proq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi va qo‘shimcha yordam ko‘rsatishi zarurligi aniq».













