Netanyaxu “NAZA” hujjatli filmida ko‘rsatma bergan isroillik harbiylarni jazolamoqchi
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu G‘azoda tinch aholining o‘ldirilishi va sun’iy intellektdan foydalanilgani haqida intervyu bergan 24 nafar askar hamda razvedka xodimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni talab qilmoqda.
Haaretz gazetasining xabar berishicha, Netanyaxu Bosh shtab boshlig‘i Eyal Zamir, “Shin Bet” xavfsizlik xizmati rahbari David Zini va Bosh prokuror Gali Baharav-Miaraga rasmiy maktub yo‘llagan. Maktubda filmda ishtirok etgan harbiylar “davlatning xavfsizlik va diplomatik manfaatlariga zarar yetkazish” hamda “maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish”da ayblangan.
🎥 “NAZA” filmi nima haqida?
Venetsiya kinofestivalida Maxsus hakamlar sovrinini qo‘lga kiritgan ushbu hujjatli film The Guardian nashri tomonidan suratga olingan. Filmda Isroil armiyasining G‘azodagi hujumlarda sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan kuzatuv tizimlaridan qanday foydalangani o‘rganiladi.
Sarlavha nimani anglatadi?
Film nomi bo‘lmish “NAZA” — Isroil harbiy razvedkasida havo zarbasi berilishi oldidan kutilayotgan tinch aholi qurbonlari sonini ko‘rsatuvchi maxsus qisqartma hisoblanadi.
⚠️ Filim atrofidagi keskin munosabatlar
Netanyaxu ushbu filmni Isroil armiyasini obro‘sizlantiruvchi “yolg‘on va tarafkash” loyiha deb atadi. Mamlakat Madaniyat vaziri Miki Zohar esa film mualliflarini “xoinlik”da ayblab, ularni Isroil fuqaroligidan mahrum qilish masalasini ko‘tarib chiqdi.
Biroq, Isroil Harbiy advokati Itay Ofirning ta’kidlashicha, agar harbiylar davlat sirini oshkor qilmagan bo‘lsa, ularga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilashga huquqiy asos yo‘q. Film ijodkorlari — The Guardian nashri esa 100 dan ortiq harbiylar va komandirlar bilan suhbatlashilganini, barcha guvohliklar qat’iy va maxfiy hujjatlar bilan tasdiqlanganini ma’lum qildi.
📊 Ma’lumot uchun
Insoniy talafotlar: 2023-yil oktyabridan buyon Isroil hujumlari oqibatida G‘azoda 74 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 175 mingdan ortig‘i yaralangan.
Xalqaro bosim: 2024-yil noyabr oyida Xalqaro Jinoiy Sud (XJS) urush jinoyatlari ayblovi bilan Benyamin Netanyaxu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallantni hibsga olishga order bergan. Hozirda BMTning Xalqaro Sudi Isroilga nisbatan genotsid ayblovi bo‘yicha da’voni ko‘rib chiqmoqda.




















