Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo - iqtisodiy va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash ustida ishlayotganliklarini ma’lum qildi.
Rasmiy tashrif bilan hozirda Gruziyada bo‘lgan Berdimuhamedov poytaxt Tbilisidagi Hukumat binosida Bosh vazir Kobaxidze bilan uchrashdi.
O‘zaro va hay’atlararo muzokaralar ortidan mushtarak matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Kobaxidze, Gruziya va Turkmaniston o‘rtasida o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar borligini ta’kidladi.
U Berdimuhamedovning Tbilisiga bo‘lgan tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etishini qayd etib, mavzu haqida shunday dedi: “Turkmaniston bilan munosabatlarimizni, strategik sherikligimizni va do‘stligimizni yanada chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratayotganimizni ta’kidlashni istayman”.
Kobaxidze Gruziya Turkmaniston bilan siyosat, savdo, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga katta ahamiyat berishini bildirdi.
Shuningdek, u muzokaralar chog‘ida O‘rta yo‘lak (Middle Corridor) orqali yuk tashish hajmini oshirish masalalari ham muhokama qilinganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Berdimuhamedov ham uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashilganini ifoda etdi.
U Gruziyadagi muzokaralar yakunlaridan mamnun ekanini bildirib, quyidagilarni ta’kidladi: “Biz siyosiy aloqalarni kengaytirish, hamkorlik va diplomatik sa’y -harakatlarimizni kuchaytirish hamda munosabatlarimizni uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Gruziya Turkmanistonning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biridir”.
Berdimuhamedov mavzu haqida shuningdek: “Janubiy Kavkaz, Kaspiy – Kavkaz transport yo‘nalishining ajralmas qismidir. Shu nuqtayi nazardan, qo‘shma transport va logistika loyihalarimiz Afg‘oniston, Ozarbayjon va Turkiyani o‘z ichiga oluvchi Lapis Lazuli yo‘lagi, shuningdek Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Ruminiyani bog‘lovchi Kaspiy – Qora dengiz yo‘lagi kabi istiqbolli loyihalarni o‘z ichiga olishini alohida ta’kidlamoqchiman”.
Berdimuhamedov Tbilisiga bo‘lgan tashrifi doirasida kecha Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili bilan ham uchrashdi. Shuningdek, u Bosh vazir Kobaxidze bilan birgalikda Gruziya – Turkmaniston biznes - forumining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Turkmaniston Prezidentining Gruziyaga bo‘lgan rasmiy tashrifi bugun yakunlanadi.




















