AQSh Kiyevning Rossiya hujumlariga qarshi tura olish uchun qayta-qayta yordam so'rab murojaat qilganidan so'ng, Ukrainaga 2,68 milliard dollarlik ehtimoliy havo mudofaasi uskunalarini sotishni ma'qulladi.
AQSh Davlat departamenti juma kuni Kongressga yuborgan bildirishnomasida Ukraina hukumatiga havo mudofaa tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan uskunalar va xizmatlarni o'z ichiga olgan "xorijiy harbiy savdoning ehtimoliy ma'qullangani"ni e'lon qildi.
Departament ma'lumotlariga ko'ra, Kiyev turli xil raketalar, uchirish tizimlari, dronlarga qarshi radarlar va tirkamalar kabi turli xil jihozlarni sotib olish uchun so'rov yuborgan.
Taklif etilayotgan savdo amalga oshishi uchun Kongressning ko'rib chiqish jarayonidan o'tishi kerak bo'ladi.
Davlat departamenti: "Taklif etilayotgan xarid yakunlangan taqdirda, Ukraina Yevropa davlatlarining hissasi hamda avvalgi ma'muriyat davrida ajratilgan AQSh tashqi harbiy moliyalashtirish manbalarining kombinatsiyasidan foydalangan holda moliyalashtirishni ta'minlaydi", – deya bayonot berdi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp shu oyda o'maldoshi Jo Bayden ma'muriyati davrida Ukrainaga ko'rsatilgan Amerika yordamlari yevropaliklar tomonidan qoplab berilishini talab qilishini aytdi.
Tramp uzoq vaqtdan beri Yevropa davlatlari Ukrainaga beriladigan G'arb yordami xarajatlarining kattaroq qismini o'z zimmasiga olishini talab qilib kelmoqda.
Davlat departamenti qiymatini 2,68 milliard dollar deb baholagan juma kungi taklif Tramp Rossiyaga bosimni kuchaytirishga qaratilgan yangi sanksiyalarga ruxsat beruvchi qonunni imzolagan davrga to'g'ri keldi.
O'rta Sharqdagi urush tinchlik sa'y-harakatlarini to'xtatib qo'ymoqda
Ukraina poytaxti Kiyevga qaratilgan Rossiya hujumlari ko'paygan bir paytda, Ukraina havo mudofaasi tizimlari o'q-dori taqchilligi sababli bu hujumlarni qaytarishda qiynalmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, Moskva Kreml qurol ishlab chiqarishda ustunlikka ega deb hisoblayotgan bir davrda Ukraina ma'naviyatini sindirish va Kiyevning yevropalik ittifoqchilarini qo'rqitishni maqsad qilgan.
O'rta Sharqdagi urush ham Vashingtonning vaqti va o'q-dorilarining muhim qismini egallab, mojaroni tugatishga qaratilgan AQSh vositachiligidagi muzokaralarni to'xtatib qo'ydi.
Biroq, fevral oyida boshlangan ushbu mojarodan oldin ham Rossiya bilan Ukraina asosiy kelishmovchilik nuqtasi bo'lgan hududiy masalada qarama-qarshi turgan edi.
Ukraina mojaroni mavjud front chiziqlari bo'ylab muzlatishni taklif qildi.
Rossiya esa bu taklifni rad etib, bir qismi haligacha Ukraina nazorati ostida bo'lishiga qaramay, Donetsk viloyatining barchasini xohlashini bildirdi. Kiyev bu talab qabul qilib bo'lmas holat ekanligini aytmoqda.


























