NATO Bosh kotibi Mark Rutte: "Turkiya – Alyansdagi eng qudratli armiyalardan biriga ega. Uning qo‘shinlari juda yaxshi qurollangan va yuqori darajada tayyorlangan. Shuningdek, mamlakatning keng ko‘lamli mudofaa sanoati katta ustunlik beradi", – dedi.
Mark Rutte 7–8-iyul kunlari o‘tadigan Anqara sammiti arafasida NATO shtab-kvartirasida “Anadolu” agentligi muxbiriga intervyu berdi.
Suhbatning asosiy qismlari quyidagicha:
— Hurmatli Bosh kotib, Anqara sammitidan qanday aniq qarorlar kutish mumkin? Sizningcha, sammitning muvaffaqiyatli o‘tganini qanday natijalar belgilab beradi?
— Kelajakda odamlar ushbu sammitda qabul qilingan majburiyatlar amalda bajarila boshlaganini aytishlarini istardim. Gaaga sammitida va’dalar berilgandi, endi Anqara sammiti ularni hayotga tatbiq etadigan sammit bo‘lishi kerak.
— So‘nggi paytlarda “NATO 3.0” haqida tez-tez gapirilmoqda. Siz ham bu tushunchani qo‘llab, o‘zgarishlar zarurligini ta’kidladingiz. “NATO 3.0” nima o‘zi? Bu ittifoqchilar uchun nimani anglatadi va bunday transformatsiya nima uchun kerak?
— “NATO 3.0” – AQShga haddan tashqari qaram bo‘lgan “NATO 2.0”dan farqli tuzilma. AQSh Yevropadagi ishtirokini an’anaviy harbiy salohiyati va yadroviy tiyib turish imkoniyati orqali saqlab qoladi. Biroq kelgusi davrda javobgarlikning salmoqli qismini Yevropa o‘z zimmasiga oladigan NATO shakllanadi.
Bu Ukrainadagi Rossiyaga qarshi urush sharoitida o‘ta muhimdir. Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy quvvatlanishiga befarq qarab bo‘lmaydi. Bu nafaqat Ukrainaga, balki umumiy xavfsizlik holatiga taalluqli masala. Agar kelajakda NATOni imkon qadar qudratli tashkilot sifatida ko‘rmoqchi bo‘lsak, shu yo‘nalishda qadam tashlashimiz zarur.
Bularning barchasi javobgarlik adolatli taqsimlanadigan, shu tufayli kuchaygan, Rossiyaga qarshi tiyib turish salohiyatini oshirgan hamda Xitoy masalasida ham hushyor bo‘lgan NATOga ishora qiladi.
"Turkiya NATO uchun o‘ta muhim davlat"
— Sammitni tashkil etuvchi Turkiyaning Alyansga qo‘shayotgan hissasini qanday baholaysiz? Turkiyaning mudofaa sanoati NATOning kollektiv xavfsizligi uchun qanchalik muhim? NATO Turkiyaning xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlarini yaxshiroq hisobga olish uchun nima qila oladi?
— Turkiya NATO uchun o‘ta muhim davlat. U Alyansning asoschi davlatlari qatorida bo‘lmasa-da, tashkilot tuzilganidan atigi uch yil o‘tib, 1952-yilda NATOga a’zo bo‘ldi. Shuning uchun Turkiya amalda Alyansning dastlabki bosqichidan beri uning tarkibida kelmoqda.
Bugun Turkiya NATOdagi eng qudratli armiyalardan biriga ega. Turk Qurolli kuchlari juda yaxshi qurollangan va yuqori darajada tayyorgarlikdan o‘tgan.
Bundan tashqari, taxminan uch ming kompaniyadan iborat keng ko‘lamli mudofaa sanoati ekotizimining mavjudligi – katta ustunlikdir. Yirik, o‘rta va kichik korxonalarning barchasi innovatsiyalarga ustuvorlik beradi, eng yangi texnologiyalarni ishlab chiqadi va, masalan, Ukrainadagi urushdan olingan tajribani mudofaa mahsulotlari yaratishga tatbiq etib kelmoqda. Bu Turkiya mudofaa sanoatini sezilarli darajada kuchaytiradi.
Shuning uchun biz 7-iyul kuni Anqarada NATO sammiti doirasidagi Mudofaa sanoati forumini o‘tkazishni alohida muhim deb hisobladik. Maqsadimiz – nafaqat Turkiyaning, balki umuman NATOning mudofaa sanoati salohiyatini namoyish etishdir. Bunday forumning Turkiyada o‘tishi – juda o‘rinli qaror.
Men aprel oyida “ASELSAN” kompaniyasida bo‘ldim. Kompaniya ishi bilan yaqindan tanishish menda chinakamiga katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, “ASELSAN”ning Turkiyadagi ko‘plab korxonalar, shuningdek, Yevropa va AQSh kompaniyalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatganini ko‘rish ham alohida e’tiborga loyiq. Turkiyaning AQShga, hamda amerikalik va yevropalik kompaniyalarning Turkiyaga sarmoya kiritishi chinakam sheriklik shakllanganini ko‘rsatadi. Bizga aynan shunday hamkorlik kerak, chunki bu bizning tiyib turish qobiliyatimizning asosi.



















