San-Paulu shahrida o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqan Lula da Silva Donald Trampning Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tuvchi barcha yuklardan tranzit to‘lovi olinishi haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.
Lula da Silva shunday dedi:
"Uzoq yillar davomida qaroqchilikka qarshi kurashgan AQSh kabi muhim davlat endi o‘zi qaroqchiga aylanishi mumkin emas. Ularning (Hormuz bo‘g‘ozi) orqali soliq undirishga hech qanday haqqi yo‘q. Hormuz bo‘g‘ozida yuz berayotgan voqealar uchun mas'uliyat AQSh zimmasidadir."
Lula da Silva AQShning Eronga qarshi 28-fevral kuni boshlangan hujumlaridan oldin Hormuz bo‘g‘ozi xalqaro kemalar qatnovi uchun ochiq bo‘lganini eslatdi. Uning ta'kidlashicha, Tramp ma'muriyati "falokatlarni imkoniyatga aylantirib, ulardan foyda olishga urinmoqda."
Lula da Silva Yaqin Sharqda davom etayotgan urush jahon iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazayotganini ta'kidlab, shunday dedi:
"Urushning narxi odamlarning dasturxoniga ham ta'sir qilmoqda. Neft narxi oshgani sari loviya, guruch, pomidor va piyoz narxlari ham ko‘tarilmoqda."
AQSh Prezidenti Donald Tramp avvalroq Hormuz bo‘g‘ozida Eronga qarshi AQSh dengiz blokadasi yana kuchga kirganini va bo‘g‘ozdan o‘tuvchi barcha yuklardan 20 foiz miqdorida tranzit to‘lovi olinishini ma'lum qilgan edi.
Mintaqada xavfsizlikni ta'minlash xarajatlariga e'tibor qaratgan Tramp shunday degan edi:
"Dunyoning nihoyatda beqaror ushbu hududida xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash uchun zarur bo‘lgan barcha xarajatlar doirasida bo‘g‘ozdan o‘tuvchi barcha yuklardan 20 foiz miqdorida tranzit to‘lovi undiriladi."



















