400 dan ortiq sobiq vazirlar, diplomatlar va yuqori martabali amaldorlar Yevropa ittifoqiga Isroilning bosib olingan G‘arbiy Sohildagi noqonuniy aholi punktlariga qarshi zudlik bilan choralar ko‘rish chaqirig‘i bilan maktub yo‘lladi.
Ochiq maktub Isroil bosib olgan G‘arbiy Sohilda taxminan 12 kvadrat kilometr hudud va 3 400 ta uy - joy birligini o‘z ichiga olgan yangi E1 qurilish loyihasini ilgari surishni rejalashtirayotgan bir paytda, chorshanba kuni (06.05.2026) e’lon qilindi.
Mazkur qadam Isroil tomonidan bosib olingan va noqonuniy ravishda anneksiya qilingan, aholining yirik qismini falastinliklar tashkil etuvchi Sharqiy Quddusni, bosib olingan G‘arbiy Sohildan yanada ajratib qo‘yadi.
Avvalgi Yevropa ittifoqi tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Josep Borrell va Belgiyaning sobiq Bosh vaziri Guy Verhofstadt ham kirgan 440 dan ortiq imzo egasi maktubda shunday dedi: “YI va unga a’zo davlatlar hamkorlari bilan birgalikda Isroilni G‘arbiy Sohildagi Falastin hududlarini noqonuniy anneksiya qilishni yanada kuchaytirishdan qaytarish uchun darhol harakat qilishi kerak”.
Imzo chekuvchilar noqonuniy aholi punktlari faoliyatida ishtirok etayotgan barcha shaxslarga nisbatan viza taqiqlari va biznes cheklovlari kabi maqsadli sanksiyalar joriy etishga chaqirib, E1 rejasini qo‘llab - quvvatlayotgan yoki amalga oshirayotganlarga qarshi choralar ko‘rishni talab qildi.
Mavjudlikka tahdid
Maktubda Isroil hukumati 15 mingtagacha “noqonuniy ko‘chmanchi” uchun uy - joy qurilishiga oid dastlabki tenderni 1 - iyunda e’lon qilishni rejalashtirayotgani aytilib, YI va unga a’zo davlatlardan “zudlik bilan harakat qilish” so‘raldi.
Reja xalqaro yetakchilar tomonidan qoralangan bo‘lib, Antonio Guterrishning Matbuot xizmati kotibi bu uzluksiz Falastin davlati uchun “mavjudlikka tahdid” bo‘lishini aytgan edi.
Sharqiy Quddusdan tashqari, bosib olingan G‘arbiy Sohilda xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy hisoblangan aholi punktlarida 500 mingdan ortiq isroillik yashaydi, hududda esa taxminan 3 million falastinlik istiqomat qiladi.
BMT hisobotiga ko‘ra Isroil aholi punktlarining kengayishi 2025 - yilda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti kamida 2017 - yildan buyon ma’lumotlarni kuzata boshlaganidan beri eng yuqori darajaga yetdi.
Falastin rasmiylari va BMT, 28 - fevral kuni Eronga qarshi AQSh - Isroil urushi boshlanganidan buyon bosib olingan G‘arbiy Sohilda noqonuniy isroillik ko‘chmanchilarning o‘lim bilan yakunlangan hujumlari ko‘payganini ma’lum qildi.
Isroil G‘arbiy Sohilni 1967-yildan beri bosib olib kelmoqda.







