AQSH Prezidenti Donald Trump Eronga qarshi cheklangan zarba berishni o‘ylayotganini aytganidan keyin, Tehron hukumati dushanba kuni har qanday Amerika hujumini "tajovuzkorlik harakati" deb baholashini va bunga munosib javob qaytarilishini ma’lum qildi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi so’zlo’vchisi Ismoil Baqaiy: "Menimcha, cheklangan hujum degan tushuncha yo‘q. Tajovuzkorlik baribir tajovuzkorlikdir. Tamom. Har qanday davlat o‘zini himoya qilish huquqi doirasida bunday harakatga qat’iy javob beradi; biz ham xuddi shunday qilamiz", deya ta’kidladi.
Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy kuchlarining ko‘payishi ortidan, AQSHning Eronga nisbatan harbiy tahdidlari ortdi. Mintaqadagi Amerika manfaatlarining ehtimoliy nishon ekaniga ishora qilgan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi yakshanba kuni CBS News telekanaliga: "Agar AQSH bizga hujum qilsa, o‘zimizni himoya qilish uchun barcha huquqlarga egamiz", dedi. Shunga qaramay, u diplomatik yechim topish imkoniyati yuqori ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Eron Prezidenti Masud Pezeshkiyan ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Amerika tomoni bilan o‘tkazilgan avvalgi muzokaralar "umidbaxsh belgilar" berganini bildirdi. Jenevada bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvlardan so‘ng, Eron harbiy aralashuvning oldini oluvchi kelishuv loyihasini tayyorlaganini ma’lum qildi.
Aroqchi ushbu masalada: "O‘ylaymanki, kelasi payshanba kuni Jenevada yana uchrashganimizda, ushbu bandlar ustida ishlab, yaxshi bir matn tayyorlashimiz va tezda kelishuvga erishishimiz mumkin", dedi.
AQSH so‘nggi haftalarda Yaqin Sharqqa ikkita aviatsiya kemasi, samolyotlar va kemalar yubordi hamda harbiy tahdidlarini quvvatlash uchun mintaqadagi havo mudofaa tizimlarini kuchaytirdi.















