AQShning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak Vashington va Anqara o‘rtasida Turkiyaning Rossiyadan S-400 havo mudofaa tizimini xarid qilishi tufayli yuzaga kelgan kelishmovchilik hal etilishini bildirdi.
Dushanba kuni Nyu-Yorkdagi «Turk uyi» (Turkish House) binosi oldida jurnalistlarga intervyu bergan Barrak AQSh va turkiyalik hamkorlar ikki tomonlama hamda mintaqaviy muammolarni bartaraf etish uchun tinimsiz ishlayotganini ta'kidladi.
«Turkiya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon hozirgidek yaqin bo‘lmagan», dedi u va ikki tomon doimiy muloqotni izchil davom ettirayotganini qo‘shimcha qildi.
S-400 masalasiga to‘xtalarkan, diplomat bu kelishmovchilik AQSh qonunchiligi, jumladan, «Amerikaning raqiblariga sanksiyalar vositasida qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun (CAATSA), shuningdek, mazkur tizimning operatsion holati va unga egalik qilish talablari bilan bog‘liqligini tushuntirdi. Barrak ushbu masala ustida ish olib borilayotganini qayd etib, uni «kritik muammo emas, balki munosabatlar masalasi» deb atadi.
«Ijobiy natija» sari
Shuningdek, u Turkiyaning mudofaa sanoatini yuqori baholab, mamlakatda «S-400 tizimidan mustaqil, jadal rivojlanayotgan mudofaa sanoati mavjud»ligini ta'kidladi. Barrak mazkur muammoni hal etish yo‘llari bo‘yicha tomonlarning yondashuvlari turlicha ekanini tan olib, buni AQSh-Turkiya keng qamrovli munosabatlari kontekstida ko‘rib chiqish lozimligiga e'tibor qaratdi.
Ikki tomonlama aloqalar borasida optimistik kayfiyat bildirgan diplomat mamlakatlar oxir-oqibat «ijobiy natija»ga erishish yo‘lini topishini qayd etdi. U AQSh Prezidenti Donald Tramp va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi munosabatlarni «juda mustahkam va hurmatga asoslangan» deb baholadi.
Mazkur bayonot Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida qatnashish uchun Nyu-Yorkda bo‘lib turgan va seshanba kuni Umumiy munozaralarda nutq so‘zlashi kutilayotgan bir paytda yangradi.
Barrak bungacha Erdo‘g‘an va Tramp tashrif doirasida alohida uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilganini ma'lum qilgandi.





















