TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiya kosmik sohada katta yutuqqa erishdi
Turkiya Kosmik Agentligi (TUA) rahbari Yusuf Kirach bir ovozdan 2026 – 2027 yillar uchun Osiyo - Tinch okeani Kosmik Hamkorlik Tashkiloti (APSCO) kengashi raisligiga saylandi.
Turkiya kosmik sohada katta yutuqqa erishdi
_
8 декабр 2025

Turkiya kengayib borayotgan kosmik kun tartibida muhim diplomatik yutuqqa erishdi. Shu doirada Turkiya Kosmik Agentligi (TUA) rahbari Yusuf Kirach bir ovozdan 2026 – 2027 yillar uchun Osiyo - Tinch okeani Kosmik Hamkorlik Tashkiloti (APSCO) kengashi raisligiga saylandi. Bu orqali, ilk bor turk rasmiylaridan biri ushbu lavozimni o‘z zimmasiga oldi.

Sanoat va texnologiya vazirligi yakshanba kuni (07.12.2025) bo‘lib o‘tgan saylov natijasini e’lon qilar ekan Bangkokda o‘tkazilgan APSCOning 19 - Kengash yig‘ilishi natijasi mamlakat uchun alohida ahamiyatga ega ekanini bildirdi. Turkiya Kosmik Agentligi (TUA) ham mavzu haqida yozma ravishda bayonot berib, unda, bir ovozdan qabul qilingan mazkur qaror Turkiyaning mintaqaviy va global kosmik boshqaruvda tutgan faol rolining yorqin dalili ekanini ta’kidladi.

APSCO tashkilot tarkibidagi davlatlar o‘rtasida kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish, qo‘shma sun’iy yo‘ldosh dasturlari, ta’lim, salohiyatni oshirish va ma’lumot almashish bo‘yicha hamkorlikni muvofiqlashtiradi.

Anqara so‘nggi yillarda bu tashabbuslarda tobora faol ishtirok etib kelmoqda; ko‘p tomonlama loyihalarga hissa qo‘shdi, texnik va akademik dasturlarda yetakchi hamkorlardan biriga aylandi.

Kirach rahbarligi APSCO tarkibidagi Turkiyaning strategik og‘irligini kuchaytirishi, sun’iy yo‘ldosh va yer tizimlari sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishi va qo‘shma loyihalar orqali mintaqaviy salohiyatni kengaytirishi kutilmoqda.

TUA bayonotida, shuningdek, Turkiyaning global kosmik diplomatiyasidagi keng ko‘lamli o‘sishiga e’tibor qaratildi. Yusuf Kirach, Xalqaro Astronavtika federatsiyasi (IAF) rahbari o‘rinbosari etib ham tayinlangan edi. Sidneyda o‘tkazilgan 76 - Xalqaro Kosmik kongress doirasida saylangan Kirach, IAF boshqaruv tuzilmasida faoliyat yuritayotgan ilk turk vakil bo‘ldi. Turkiya, shuningdek, 2026 IACga Antaliyada mezbonlik qiladi.

Bayonot yakunida: «Turkiyaning kosmik sohadagi diplomatik, institutsional va ilmiy salohiyati yaxlit tarzda yuksalayotgani ko‘rinmoqda. Ushbu uch yo‘nalish Turkiyaning faqatgina kosmik texnologiyalar ishlab chiquvchi davlat emas, balki global kosmik diplomatiya va boshqaruvning faol ishtirokchisiga aylanganini yaqqon namoyon etmoqda», - degan ifodalarga o‘rin berildi.