Pokiston harbiylari Afg'onistonning bir necha hududida, jumladan poytaxt Qobul hamda Qandahor va Paktia viloyatlarida havo zarbalari amalga oshirganini Afg'on hukumat matbuot kotibi ma'lum qildi.
Bayonotda Afg'on rasmiylari Pokiston kuchlari "ba'zi hududlarni" nishonga olib havo hujumlari o'tkazganini, mahalliy vaqt bilan taxminan 02:30 da Qobul shahrining markazida bir nechta shiddatli portlashlar qayd etilgani bildirildi.
Afg'on hukumat vakili zarbalardan jabrlanganlar haqida xabar yo'qligini aytgan bo'lsa-da, Islomobod ancha og'irroq ma'lumot taqdim etdi.
Pokiston bosh vazirining matbuot kotibi Mosharraf Zaidi esa javob zarbalari 133 ta afg'on askarining o'limiga va 200 dan ortiq kishining yaralanishiga sabab bo'lganini aytdi.
U qo'shimcha qilib, Pokiston kuchlari 27 ta afg'on harbiy postini, 2 ta korpus shtabini hamda 80 dan ortiq tank va zirhli texnikani yo'q qilganini bildirdi.
Pokistondagi xavfsizlik manbalari Qandahordagi zarbalar davomida bir o'q-doriv ombori va bir logistika bazasi yo'q qilinganini ma'lum qildi.
Afg'oniston Mudofaa vazirligi esa Durand chizig'i bo'ylab Pokiston pozitsiyalariga qarshi afg'on kuchlarining javob operatsiyalari yarim kechada yakunlanganini bildirdi.
Payshanba kuni 4 soat davom etgan chegara to'qnashuvida kamida 8 nafar afg'on askari va 2 nafar pokistonlik askar halok bo'lgani xabar qilingan edi.
Ziddiyat kuchayishi Pokistonning o'tgan haftadagi havo zarbalaridan keyin kuzatilmoqda; Islomobod ular 70 ta "terrorist"ni o'ldirganini bildirishiga qaramay, BMT fuqaro qurbonlari haqida xabar bergan.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterres to'qnashuvlar yuzasidan xavotir bildirgan.
Uning matbuot kotibi Stephane Dujarric Guterresning "tegishli tomonlarni xalqaro huquq asosidagi majburiyatlariga rioya qilishga" va diplomatik yechim izlashga chaqirayotganini aytdi.
Munozarolar kuchaygani ortidan Pokiston jangarilar Afg'oniston hududidan faoliyat yuritmoqda deb ayblamoqda, Qobul esa bu da'voni rad etadi.













