Tashqi ishlar vazirligi manbalaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Hakan Fidan tashrif doirasidagi uchrashuvlarda Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi Oliy darajadagi strategik kengashning ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikni ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
Uchrashuvlarda Fidanning Turkiya Ko‘rfazdagi urushdan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlardan biri bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari bilan to‘liq birdam ekanini tasdiqlashi kutilmoqda. Shuningdek, u mintaqaga tashqaridan aralashuv nizolarning uzoq davom etishiga olib kelayotganini ta’kidlab, mintaqa davlatlarining muammolarni hal etishdagi mas’uliyatini kuchaytirish zarurligiga e’tibor qaratishi ko‘zda tutilmoqda.
Vazir Fidanning Hormuz va Bobulmandab bo‘g‘ozlarida kemalarning erkin harakatlanishini ta’minlash mintaqaviy va global barqarorlik uchun muhimligini ta’kidlashi, tinchlik va barqarorlikka erishgan yaxlit Yaman Yaqin Sharq xavfsizligi uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini aytishi kutilmoqda.
Fidan G‘azoda vaqtni boy bermasdan Tinchlik rejasining ikkinchi bosqichiga o‘tish, gumanitar vaziyatni yaxshilash va qayta qurish ishlarini boshlash zarurligini bildirishi kutilmoqda. Shu doirada Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari ta’sischi a’zolari qatoriga kiradigan Tinchlik kengashi faoliyati yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Fidanning Isroil hujumlari qarshisida G‘azo va Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvlarini saqlab qolish va doimiylashtirish uchun xalqaro hamjamiyat qat’iy hamda umumiy pozitsiyani egallashi muhimligini ta’kidlashi kutilmoqda.
Vazir Fidan Birlashgan Arab Amirliklariga so‘nggi marta 20-mart kuni tashrif buyurgan edi.
Ikki tomonlama munosabatlar
Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida 2023-yildan buyon strategik sheriklik munosabatlari mavjud.
Oliy darajadagi strategik kengashning birinchi yig‘ilishi 2025-yil 16-iyulda davlat rahbarlari darajasida poytaxt Anqarada o‘tkazilgan edi.
Birlashgan Arab Amirliklari Turkiyaga eng ko‘p sarmoya kiritgan Ko‘rfaz davlati va Turkiyaning Ko‘rfazdagi eng yirik savdo hamkori hisoblanadi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 2025-yilda 19 milliard 346 million dollarni tashkil etdi.



























