Rasmiylar dushanba kuni (11.05.2026) Istanbulda uyushtirilgan Turkiya – Belgiya Biznes forumida ikki mamlakat o‘rtasida tobora mustahkam tus olib borayotgan iqtisodiy aloqalar hamda savdo va investitsiya sohasidagi keng ko‘lamli hamkorlik imkoniyatlariga e’tibor qaratdi.
Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEIK) tomonidan tashkil etilgan ushbu forumda Belgiya qirolichasi Matilda hamda Belgiyadan kelgan yuqori darajadali delegatsiya ishtirok etdi.
Rasmiylar texnologiya, yashil transformatsiya, mudofaa va logistika kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ta’kidladi.
Shuningdek, nutq so‘zlaganlar Turkiya – Yevropa ittifoqi Bojxona ittifoqini yangilash muhimligi hamda Turkiyaning Yevropa bozorlari uchun ishlab chiqarish va logistika markazi sifatidagi rolini alohida qayd etdi.
Biznes uchun qulay muhit
Savdo vaziri O‘mer Bo‘lat Turkiyaga amalga oshirilgan eng yirik xalqaro delegatsiya tashrifi sifatida baholagan tadbirda qirolicha Matildani kutib olar ekan, global ta’minot zanjiri uzilishlari va geosiyosiy keskinliklar oldida ishonchli hamkorliklar tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Bo‘latning ma’lum qilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi o‘tgan yili 9,3 milliard dollarga yetgan va rasmiylar bu ko‘rsatkichni barqaror hamda muvozanatli tarzda 15 milliard dollarga oshirishni maqsad qilgan.
Uning aytishicha, ustuvor yo‘nalishlar qatoriga investitsiyalarni himoya qilish, rag‘batlantirish va ikki tomonlama soliqqa tortishni oldini olish bo‘yicha kelishuvlar orqali huquqiy va tijoriy asoslarni mustahkamlash kiradi. Bu investorlar uchun shaffoflik, oldindan prognoz qilish imkoniyati va xavfsizlikni ta’minlaydi.
Turkiyadagi Belgiya investitsiyalari qariyb 5 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, Belgiyadagi turk investitsiyalari taxminan 750 million dollarni tashkil etadi.
Bo‘lat mavzu haqida shunday dedi: “Turk kompaniyalari logistika, mudofaa, ishlab chiqarish, chakana savdo va ilg‘or texnologiyalar kabi sohalarda Belgiyadagi faoliyatini kengaytirmoqda”.
Vazir, shuningdek, Turkiya bozori hajmi 150 milliard dollardan oshganini aytib; logistika sohasidagi imkoniyatlarga ham e’tibor qaratdi.
“Turkiya Yevropa, Osiyo va Afrikaning kesishgan nuqtasidagi strategik joylashuvi bilan ajralib turadi. Turkiya 1,3 milliarddan ortiq iste’molchiga bevosita kirish imkonini taqdim etadi”, - dedi u.
Bo‘lat, shuningdek, Yevropa va turk kompaniyalari o‘rtasidagi integratsiyalashgan qiymat zanjirlarini qo‘llab - quvvatlash uchun YIga Bojxona ittifoqini modernizatsiya qilish chaqirig‘ini yo‘lladi.
Bir - birini to‘ldiruvchi kuchli tomonlar
DEIK rahbari Nail O‘lpak Turkiya va Belgiyaning bir - birini to‘ldiruvchi iqtisodiy ustunliklarga ega ekanini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, Belgiya farmatsevtika, kimyo, logistika, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish va mudofaa sohalaridagi jahon kompaniyalariga mezbonlik qiladi. Turkiya esa 86 millionlik iste’mol bozori va global savdo markazi sifatida ishlab chiqarish, texnologiya hamda ilmiy - tadqiqot va ishlanmalar yo‘nalishida kuchli iqtisodiy salohiyatga ega.
O‘lpak yashil transformatsiya Belgiyaning barqarorlik bo‘yicha tajribasini Turkiyaning tez rivojlanayotgan qayta tiklanuvchi energiya sektori bilan birlashtirib, katta hamkorlik imkoniyatlarini yaratishiga e’tibor qaratdi. U, shuningdek, Belgiyaning yuqori texnologiyali kompaniyalari bilan Turkiyaning kengayib borayotgan startap ekotizimi o‘rtasidagi hamkorlik salohiyatiga ham e’tibor qaratdi. Uning fikricha, mudofaa sanoati bo‘yicha hamkorlik ikki mamlakat uchun muhim va mantiqiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Nail O‘lpak bugungi kunda yagona aniq narsa noaniqlik ekanini, biznes vakillari esa buni yoqtirmasligini va erkin savdo g‘oyasi siyosiy bloklardan tashqari iqtisodiy bloklarga ham ko‘chirilayotganini ta’kidladi.
U, shuningdek, Turkiyaning YI bilan 60 yildan ortiq davom etayotgan hamkorlik yo‘li endi yangi nuqtai nazardan baholanishi zarurligini o‘z so‘ziga ilova qildi.
Mintaqaviy ko‘prikdan global iqtisodiy kuchga
Investitsiyalar va moliya ofisi rahbari Ahmet Burak Dag‘lio‘g‘lu hozirda Turkiyada 700 dan ortiq Belgiya kompaniyasi faoliyat yuritayotgani va Belgiyaning 2003 - yildan buyon jami investitsiyalari 8 milliard dollardan oshganini bildirdi.
Dag‘lio‘g‘lu Turkiya so‘nggi yigirma yil davomida yillik o‘rtacha 5,3 foizlik iqtisodiy o‘sishni qayd etgani va yirik global iqtisodiy zarbalardan tez qayta tiklanganini ta’kidladi. Uning aytishicha, hukumat xususiy sektordan kelayotgan fikr - mulohazalar asosida har 24 oyda yangi islohot dasturini taqdim etadi.
U Turkiyaning yosh va yuqori malakali ishchi kuchiga e’tibor qaratib, investorlar turli sohalarda malakali texnik xodimlar, dasturchilar va yuqori lavozimli menejerlarga qulay erishish imkoniga ega ekanini ifoda etdi.
Dag‘lio‘g‘lu Turkiyaning strategik joylashuvi mamlakatni uch qit’ani bog‘lovchi muhim aloqa va logistika markaziga aylantirganini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, yirik infratuzilma investitsiyalari Turkiyani mintaqaviy ko‘prikdan global iqtisodiy kuchga aylantirdi. Shuningdek, hukumat yaqinda moliyaviy va moliyaviy bo‘lmagan investitsiya rag‘batlari bo‘yicha yangi paket e’lon qilganini bildirdi.










