AQSh Vakillar palatasi Isroil va Amerika qurolli kuchlarini misli ko‘rilmagan darajada integratsiyalashni ko‘zda tutuvchi, har yili an’anaviy tarzda qabul qilinadigan mudofaa budjeti qonun loyihasidan tegishli bandni olib tashlashga qaratilgan tuzatish taklifini rad etdi.
Kaliforniyadan saylangan kongressmen, demokrat Ro Xanna (Ro Khanna) qonun loyihasidagi 224-moddani olib tashlash tashabbusi bilan chiqdi va o‘z nutqida Isroil hamda Amerika qudratining miqyosi o‘rtasidagi keskin tafovutga alohida e’tibor qaratdi.
“Amerika xalqi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning AQSh nima qilishi kerakligi haqida ko‘rsatma berib yurishidan, uning mag‘rurligi va qo‘pol muomalasidan charchadi. Butun Isroil davlatining yalpi ichki mahsuloti (YIM) mening okrugimdagi birgina shaharchaning iqtisodiy ko‘rsatkichidan ham kam. Shunday ekan, qanday qilib Netanyaxu Amerika xalqiga aql o‘rgatishi mumkin?! Agar siz Isroil uchun ko‘proq narsa qilishimiz kerak deb hisoblasangiz, unda mening tuzatishimga qarshi ovoz berishingiz lozim”, — dedi Xanna payshanba kuni Vakillar palatasi minbaridan turib.
Vashington manfaatlariga xizmat qiluvchi hamkorlik
Vakillar palatasining Qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi, respublikachi Mayk Rojers (Mike Rogers) xorijiy davlat ta’siri haqidagi xavotirlarni rad etdi. U: “Ushbu band qandaydir yo‘l bilan vakolatlarni tashqi hukumatga o‘tkazadi, degan da’volar mutlaqo ahmoqonadir”, — deya munosabat bildirdi.
Qo‘mitaning yetakchi a’zolaridan biri, demokrat Adam Smit (Adam Smith) ham Netanyaxuga nisbatan mamlakatda noroziliklar mavjudligini tan olgan holda mazkur moddani himoya qildi:
“Kongress go‘yoki faqatgina Netanyaxuning istaklariga bo‘ysunmoqda, degan fikrga qat’iy qarshiman. Bu hamkorlik birinchi navbatda bizning foydamizga ishlaydi”, — dedi Smit.
Ovoz berish jarayonida Ro Xannani faqatgina Kaliforniyadan saylangan yana bir kongressmen Sara Jeykobs (Sara Jacobs) qo‘llab-quvvatladi va yakunda tuzatish taklifi ko‘pchilik ovoz bilan rad etildi.
Sara Jeykobs ovoz berishdan oldin xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortgan quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Agar dunyoning boshqa biror davlati AQSh va xalqaro huquq normalarini takroran buzganlikda, o‘n minglab tinch aholini o‘ldirishda hamda ochlikdan qiynalayotgan odamlarga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazilishini to‘sib qo‘yishda ayblanganida edi, biz u bilan harbiy hamkorlikni chuqurlashtirish va doimiy ravishda kengaytirish yo‘lidan borarmidik?!”
224-modda o‘zi nima va u nimani ko‘zda tutadi?
AQShning 2027-moliya yili uchun mo‘ljallangan Milliy mudofaa ruxsatnomasi to‘g‘risidagi qonuni (NDAA) tarkibidagi 224-moddaga ko‘ra, AQSh Mudofaa vaziri (Pentaon rahbari) Vashington va Tel-Aviv o‘rtasidagi harbiy harakatlarni muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan maxsus “ijrochi agent”ni tayinlashi shart.
Ushbu band ikki tomonlama harbiy-mudofaa texnologiyalari bo‘yicha tadqiqotlar, ishlanmalar, sinovlar, baholash, tizimlarni integratsiyalash va sanoat hamkorligini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, u Isroil harbiy sanoati bilan qo‘shma korxonalar tuzish, litsenziyalash kelishuvlari, hamkorlikda qurol-yarog‘ ishlab chiqarish shartnomalari, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar hamda tezkor axborot almashish mexanizmlarini taqozo etadi.
Jamoatchilik fikri va G‘azodagi vaziyat foni
Mazkur qonuniy tuzatish AQSh jamoatchiligining Isroilga bo‘lgan xayrixohligi va hamdardligi tarixiy eng past darajaga tushgan bir davrda ko‘rib chiqildi. Bu pasayish bevosita Tel-Avivning G‘azo sektoridagi ikki yildan buyon davom etayotgan harbiy amaliyotlari va genotsid siyosati bilan bog‘liqdir.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil G‘azoda deyarli 73 000 nafar falastinlikni (asosan ayollar va bolalar) o‘ldirgan, 173 000 dan ortig‘ini esa jarohatlagan. Siyosiy tahlilchilar bu raqamlar hayotdan ko‘z yumganlarning real miqdorini to‘liq aks ettirmasligi, haqiqiy qurbonlar soni 200 000 atrofida bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ayni paytda G‘azo hududining yarmidan ko‘pini to‘liq nazorat qilayotgan va okkupatsiya ko‘lamini 70 foizgacha kengaytirishni rejalashtirayotgan Isroil armiyasi, anklavning katta qismini butunlay vayronaga aylantirib, mahalliy aholining deyarli barchasini o‘z uy-joylarini majburan tark etishga majbur qildi.



















