IQTISODIYOT
2 daqiqa o'qish
Tramp Ukraina va Rossiya bilan savdo aloqalarini tiklashga tayyor
Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti urush tugagandan so‘ng Kiyev va Moskva bilan savdo qilishga tayyorligini bildirdi.
Tramp Ukraina va Rossiya bilan savdo aloqalarini tiklashga tayyor
_

Amerika Qo‘shma Shtatlari (AQSh) Prezidenti Donald Tramp Ukraina bilan Rossiya o‘rtasidagi urush tugaganidan so‘ng Vashington har ikki mamlakat bilan ham savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi.

Ikki davlat muzokaralar orqali tinchlik kelishuviga erishishiga umid bildirgan Tramp, jangovar harakatlar yakunlanishi bilan iqtisodiy aloqalar qayta tiklanishi mumkinligini ta’kidladi.

Rossiyaning Alyaskadagi tabiiy gaz sohasiga sarmoya kiritish istagi haqidagi savollarga javob bergan Tramp, mazkur investitsiya taklifi yuzasidan alohida fikri yo‘qligi ammo urush tugaganidan keyin yanada keng ko‘lamli iqtisodiy aloqalar qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkinligini bildirdi.

Tramp: «Bu urush tugaganidan keyin Ukraina bilan ham Rossiya bilan ham albatta savdo qilamiz», - dedi.

Mojaro imkon qadar tezroq yakunlanishi tarafdori ekanini ta’kidlagan Tramp: «Rossiya bilan Ukraina kelishuvga erishgan, biz esa har ikki mamlakat bilan ham savdo qila oladigan normal hayotga qaytishni istayman», - deya qayd etdi.

Tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv

Tramp Ukraina tabiiy resurslariga asoslangan holda Kiyev ma’muriyati bilan tuzilishi mumkin bo‘lgan savdo kelishuvining qiymati 1 trillion dollarga yetishi mumkinligini ilgari surdi.

Ehtimoliy tabiiy resurslar kelishuvini AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden davrida Ukrainaga ko‘rsatilgan harbiy va moliyaviy yordam bilan bog‘lagan Tramp, Vashington ushbu yordam evaziga moliyaviy tovon talab qilishi kerakligini ta’kidladi.

Tramp: «O‘zimni ahmoqdek his qilyapman, chunki ulardan shunchaki buni so‘rashning o‘zi kifoya edi, ular to‘lashardi. Ya’ni, Yevropa ittifoqi to‘lagan bo‘lardi», - dedi.