Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g‘an kuchayib borayotgan mintaqaviy to‘qnashuvlardan Turkiyani uzoq tutish hukumatning eng muhim vazifasi ekanini aytdi va mamlakatni urushga tortishni ko‘zlagan provokatsiyalarga qarshi ogohlantirdi.
Erdo’g‘an juma kuni bergan bayonotida: "Mamlakatimizni ushbu olov halqasidan uzoq tutish bizning eng katta ustuvorligimizdir", — dedi. Anqara Turkiyani urushga tortishni maqsad qilgan rejalar, tuzoqlar va fitnalar qarshisida katta ehtiyotkorlik bilan harakat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Ushbu bayonot Eronga nisbatan hujumlar va Eronning javob zarbalari ortidan mintaqaviy taranglik kuchaygan bir paytda yangradi. NATO Erondan Turkiyaga qaratib otilgan uchinchi ballistik raketani ham muvaffaqiyatli ravishda yo‘q qildi. Prezident Erdo’g‘an Turkiya o‘z hududini nishonga olgan tahdidlarga qarshi zarur choralarni ko‘rganini va havo hududini himoya qilishda davom etishini bildirdi.
Mazhabiy nizo borasidagi ogohlantirish
Erdog‘an davom etayotgan inqiroz davrida mazhabiy va etnik nizolarni qo‘zg‘atishga urinayotgan kuchlarga qarshi fuqarolarni hushyor bo‘lishga chaqirdi. U bunday tarangliklar mintaqadagi umumiy beqarorlik muhitida qasddan uyushtirilishi mumkinligini aytdi.
"Vatandoshlarimiz mazhabiy va etnik ziddiyatlarni qo‘zg‘atishga qaratilgan urinishlar qarshisida diqqatli bo‘lishlari lozim", — dedi Prezident. Shuningdek, u o‘zgarayotgan geosiyosiy vaziyat Turkiyaning yanada tezroq va strategikroq harakat qilishini talab etayotganini qayd etdi: "Yangi davrga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu davrda biz yanada chaqqon va proaktiv bo‘lishimiz shart".
Insoniyat vijdoni
Erdo’g‘an, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning, ayniqsa, G‘azo masalasidagi ikkiyoqlama munosabatini tanqid qildi. Ayrim davlatlar qirg‘in va genotsidga ko‘z yumayotgani, ba’zilari esa zo‘ravonlikka sababchi bo‘lgan tomonlarni ochiqcha qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi.
"Yetim qolgan falastinlik va suriyalik bolalarning chekayotgan azobi, virtual dunyoning soxta vijdoni tufayli tanho bir pingvinga ko‘rsatilgan e’tibordan ham kamroq e’tibor tortmoqda", — deya o‘z noroziligini bildirdi. Prezident Erdog‘an vijdon inqirozi yuz berayotgan dunyoda Turkiya insoniyat vijdoni bo‘lish uchun kurashayotganini qo‘shimcha qildi.














