Chet el qiziqishi Xorijiy kompaniyalarning Amazoniyaning biologik boyliklariga bo'lgan qiziqishi ortib borayotgan bir paytda, Braziliya mashhur "super ozuqa" bo'lgan asaini milliy meva deb e'lon qilib, ushbu meva o'ziga tegishli ekanligini rasman tasdiqladi. Asai Amazoniyada asrlar davomida baliq va manyok uni bilan birga to'q rangli pasta ko'rinishida iste'mol qilib kelingan ozuqadir.
To'q binafsha rangli ushbu meva, 2000-yillarning boshida granola va mevalar bilan bezatilgan shirin sorbe (meva pyuresi) sifatida qayta kashf etilgach va antioksidantlarga boy xususiyatlari bilan reklama qilina boshlagach, butun dunyoda mashhur bo'ldi. Asaining faol moddalari butun dunyodagi oziq-ovqat va kosmetika kompaniyalarining e'tiborini tortdi.
Parlament muhokamalarida ko'rib chiqilgan bir holatda, Yaponiya kompaniyasi 2003-yilda "asai" nomidan foydalanishni ro'yxatdan o'tkazgan edi. Braziliyaning ushbu ro'yxatni bekor qilishi to'rt yil davom etdi. Bu kabi misollar, ilk bor 2011-yilda taklif qilingan va shu oyning boshida imzolangan asaini milliy meva deb e'lon qiluvchi qonunning chiqishiga sabab bo'ldi.
Braziliya Qishloq xo'jaligi vazirligi AFPga bergan bayonotida, ushbu chora asaini Amazoniyadagi minglab oilalar uchun daromad manbai bo'lgan "haqiqiy Braziliya mahsuloti" sifatida ro'yxatdan o'tkazishga yordam berishini aytdi. Biroq mutaxassislar qonun asosan ramziy ma’noga ega ekanligini va Amazoniyaga xos mevalarga xalqaro qiziqishni uyg'otishdagi qiyinchiliklarni ta’kidlashga qaratilganini aytishmoqda.
Braziliya genetik resurslardan ruxsatsiz yoki foyda almashmasdan foydalanishni anglatuvchi "biopiratlik" (biologik qaroqchilik) bo'yicha tobora ko'proq tashvishlanayotgan davlatlardan biridir. Amazoniyadan olingan xomashyolarni qayta ishlaydigan va sotadigan "Horta da Terra" kompaniyasi asoschisi Bruno Kato, qonun "ushbu mavzuni jamoatchilik kun tartibida birinchi o'ringa olib chiqishga yordam berishini" aytdi.
Katta xavf Braziliya Qishloq xo'jaligi tadqiqot instituti (Embrapa) tahlilchisi Sheila de Souza Korrea de Melo, qonun "asosan ramziy va madaniy jihatdan ijobiy" ekanligini bildirdi. U, shuningdek, Braziliya dunyodagi biologik xilma-xilligi eng boy mamlakatlardan biri ekanligini ta'kidlab, noyob xususiyatlarga ega bo'lgan mevalarning chet elda ishlab chiqilgan va patentlangan yangi mahsulotlarda foydalanilish xavfi "katta" ekanini aytdi.
Bruno Katoning so'zlariga ko'ra, kakao bilan qarindosh bo'lgan va shirinliklar hamda kosmetikada ishlatiladigan kupuatsu (cupuaçu) mevasi bunga "ramziy" misoldir. Kupuatsu 1990-yillarning oxirida boshqa bir Yaponiya kompaniyasi tomonidan savdo belgisi sifatida ro'yxatdan o'tkazilgan edi. Ushbu kompaniya yorlig'ida "cupuaçu" so'zi bo'lgan har qanday mahsulot uchun 10 000 dollar royalti talab qilgan. Ushbu savdo belgisini bekor qilish yigirma yil davom etdi. De Meloning qayd etishicha, asaining faol moddalari oziq-ovqat va kosmetikada maxsus foydalanish uchun chet ellarda turli patent arizalari topshirilgan.














