Fors ko‘rfazining kirish qismida joylashgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Yaqin Sharqdagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) ishlab chiqarilishini Ummon dengizi hamda Hind okeani orqali jahon bozorlariga bog‘lab turadi. AQSh bilan Isroil tomonidan joriy yilning 28 - fevrali kuni Eronga qarshi boshlatilgan hujumlardan oldin dunyodagi kunlik neft iste’moli va LNG savdosining 20 foizi, shuningdek dengiz orqali amalga oshiriladigan o‘g‘it savdosining uchdan bir qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tardi.
Urushning 100 - kuniga to‘g‘ri kelgan 7 - iyun holatiga ko‘ra global savdo uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kundalik tijoriy kemalar qatnovi juda cheklangan darajada amalga oshmoqda. Bo‘g‘ozdan o‘tuvchi kemalar uchun asosiy yo‘l Eronga to‘lov qilish yoki diplomatik muzokaralar orqali yechim topishdan iborat bo‘lib qoldi.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozida ayrim kemalar Avtomatik identifikatsiya tizimi (AIS)ni o‘chirgan holda harakatlanmoqda. Shu davrda Eron hududiy suvlarida kemalar uchun yaratilgan va “Eron yo‘nalishi” deb ataladigan yangi marshrut ham paydo bo‘ldi. Ayrim kemalar esa haligacha Xalqaro dengizchilik tashkiloti belgilagan yo‘nalishlardan foydalanmoqda.
100 kunlik kema qatnovi odatdagi bir haftalik trafik hajmiga teng
Birlashgan Millatlar Savdo va taraqqiyot tashkiloti (UNCTAD) ma’lumotlariga ko‘ra 1 – 27 - fevral kunlari orasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan kuniga o‘rtacha 129 ta kema o‘tgan. Buyuk Britaniya Dengiz Savdosi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra esa tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkich kuniga 138 ta kemani tashkil etgan.
Urushning 100 kunidagi natijalar bo‘g‘ozdagi kema qatnovi urushdan oldingi darajaga nisbatan 90 foizdan ortiq kamayganini ko‘rsatdi.
Kpler ma’lumotlariga ko‘ra 7 - iyun kuni Turkiya vaqti bilan soat 09:00 holatida urush boshlanganidan beri Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan jami 988 ta tijoriy kema o‘tgan bo‘lib, shundan 84 tasi konteyner kemalaridir.
Shunday qilib, urushning 100 kunida bo‘g‘ozdan kuniga o‘rtacha 10 ta kema o‘tgan. Taxminan 1000 ta kema esa odatdagi sharoitda bo‘g‘ozdagi bir haftalik qatnov hajmiga teng. O‘tgan kemalar orasida sanksiyalar ostidagi yoki soya floti tarkibiga kiruvchi kemalar ulushi yuqori bo‘lgani kuzatilmoqda.
28 - fevraldan boshlab tarixiy pasayish
Joriy yilning 28 - fevrali kuni AQSh - Isroil va Eron o‘rtasidagi urush boshlangach, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnovi keskin kamaydi. 28 - fevral kuni bo‘g‘ozdan 78 ta kema o‘tgan bo‘lsa, bu raqam 1 - martda 30 taga, 2 - martda esa 13 taga tushdi.
Keyingi kunlarda kema qatnovi hatto kuniga 2 tagacha kamaygani qayd etildi. 1 - martdan keyin 18 - aprel kuni 27 ta kema o‘tib, urush davridagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etildi.
Abbos Aroqchi 17 - aprel kuni Livandagi sulh jarayoni doirasida sulh muddati tugaguniga qadar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi barcha tijoriy kemalar uchun ochiq bo‘lishini bildirgan edi. AQSh Prezidenti Donald Tramp esa bo‘g‘oz to‘liq ochilgani ammo lekin Eron bilan kelishuv jarayoni yakunlangunga qadar AQSh blokadasi davom etishini ifoda etgandi.
Biroq Eron 18 - aprel kuni AQShning Eron portlariga boruvchi yoki u yerdan chiqayotgan kemalarga qo‘ygan blokadasi bekor qilinmaguncha Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopiq qolishini e’lon qildi.
Urushning 100 kunlik davrida atigi bitta kema o‘tgan 7 - may kuni esa bo‘g‘ozdagi eng past trafik qayd etildi.
Urush boshlanganidan beri bo‘g‘oz orqali amalga oshirilgan asosiy savdo yo‘nalishlarini Fors ko‘rfazi ishlab chiqaruvchilari bilan Osiyo va Afrikadagi ayrim davlatlar tashkil etmoqda. G‘arb mamlakatlari bilan savdo esa deyarli yo‘qolib ketgan.
Neft va neft mahsulotlari tashuvchi kemalar ustunlik qildi
Urushning 100 kunida Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tgan 456 ta kema neft va neft mahsulotlarini tashigan. 28 - fevral kuni bo‘g‘ozdan 50 ta neft va neft mahsulotlari kemasi o‘tgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 1 - martda 17 taga, 2 - martda 6 taga, 3 - martda esa 2 tagacha tushgan.
Ba’zi kunlarda bo‘g‘ozdan umuman neft tashuvchi kema o‘tmagan.
Bu qatnovlarda Eron portlaridan yuklangan kemalar asosiy ulushni tashkil etgan bo‘lsa - da BAA, Iroq, Quvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Qatardan yo‘lga chiqqan kemalar ham bo‘g‘ozdan o‘tgan.
Neft va neft mahsulotlari tashuvchi kemalar asosan Xitoy, Hindiston, Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Vetnam, Pokiston, Malayziya, Tailand va Myanmaga yo‘l olgan.
LNG savdosi keskin cheklangan
Urush boshlanganidan keyin Eron hujumlari natijasida Fors ko‘rfazidagi energetika infratuzilmasiga ziyon yetishi mintaqadagi ishlab chiqarishga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.
Ayniqsa, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi LNG savdosining asosiy qismini tashkil etuvchi Qatardagi LNG zavodlarida ishlab chiqarish to‘xtagach; bo‘g‘ozdan bir necha kun davomida LNG kemalari o‘tmadi. 28 - fevraldan keyingi ilk LNG kemasi 2 - aprel kuni bo‘g‘ozdan o‘tdi.
Urushning 100 kunida bo‘g‘ozdan atigi 18 ta LNG kemasi o‘tdi. Bu umumiy qatnovning qariyb 2 foiziga teng. Bo‘g‘ozdan o‘tgan LNG kemalari asosan Pokiston, Hindiston, Xitoy va Yaponiyaga yo‘l oldi.
LPG kemalarining ko‘pi yo‘lga Eron portlaridan chiqdi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan shu davrda o‘tgan 149 ta LPG kemasi umumiy qatnovning 15 foizini tashkil etdi.
Bu kemalarning aksariyati Eron, shuningdek BAA, Qatar va Quvayt portlaridan jo‘natilgan.
Ularning asosiy yo‘nalishlari Pokiston, Hindiston, Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Ummon, Jibuti, Somali va Chili bo‘ldi.
Quruq yuk kemalarining yo‘nalishlari xilma - xil
Bo‘g‘ozdan o‘tgan kemalarning 281 tasi quruq yuk kemalari bo‘lib, bu umumiy qatnovning 28 foiziga teng.
Ushbu davrda quruq yuk kemalari boshqa yuk turlariga qaraganda ancha xilma - xil yo‘nalishlarda harakatlangan. Qatar, BAA, Eron, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Kanada, Tailand, Ukraina, Braziliya, Argentina, Xitoy, Ummon, Tanzaniya, Indoneziya va Iroq kabi davlatlardan yuklangan kemalar savdo oqimini davom ettirgan.
Bundan tashqari, urush boshlanganidan keyin Fors ko‘rfazida qolib ketgan o‘nga yaqin yo‘lovchi kemasi ham shu davrda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tgan.





















