TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Erdo‘g‘an PKK va Suriyadagi oxirgi vaziyat haqida fikr bildirdi
Prezident Erdo‘g‘an AQShda nashr etiladigan «Newsweek» jurnali savollariga javob berdi.
Erdo‘g‘an PKK va Suriyadagi oxirgi vaziyat haqida fikr bildirdi
_

Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an: «Tashkilot (PKK) barcha unsurlari bilan qurol tashlashi, noqonuniy tuzilma tugatilishi va bu jarayon davlatimizning tegishli muassasalari tomonidan aniqlanib, tasdiqlanishi kerak», — dedi.

Prezident Erdo‘g‘an AQShda nashr etiladigan «Newsweek» jurnali savollariga javob berdi.

O‘nlab yillar davomida insonlar hayotiga zomin bo‘lgan, resurslarni sarflagan hamda Turkiya va mintaqaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan terror muammosini kun tartibidan butunlay chiqarishni istayotganlarini ta’kidlagan Erdo‘g‘an o‘z so‘zida:

«PKKning tarqatib yuborilish va qurol tashlash borasida qabul qilgan qarorlarini shu nuqtayi nazardan muhim bosqich deb bilamiz. Biroq eng muhimi — qabul qilingan qarorlarning amalda to‘liq bajarilishidir. Tashkilot barcha unsurlari bilan qurol tashlashi, noqonuniy tuzilma tugatilishi va bu jarayon davlatimizning tegishli muassasalari tomonidan aniqlanib, tasdiqlanishi kerak.

Suriyadagi voqealarni ham xuddi shu yondashuv asosida kuzatib boryapmiz. U yerdagi barcha qurolli tuzilmalarning markaziy davlat tuzilmasi tarkibida birlashishi Suriya mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va ijtimoiy birligini mustahkamlash nuqtayi nazaridan zarurdir. Ushbu jarayonning teng fuqarolik tamoyili asosida davom etishi, tarkibiga kurdlar ham kiradigan butun Suriya xalqini o‘zini yanada xavfsiz, erkin va farovon his qiladigan tartib o‘rnatilishini qo‘llab - quvvatlaymiz. Suriyaning birligi mustahkamlangan sari mintaqamiz xavfsizligi ham kuchayadi» - degan ifodalarga o‘rin berdi.

«Turkiyaning mezoni etnik kelib chiqish emas, terrorizm, zo‘ravonlik va milliy xavfsizligimizga tahdiddir».

Prezident Erdo‘g‘an: «Kurdlar — bizning birodarlarimiz. Ming yildan beri birga, yonma - yon yashab kelmoqdamiz. Quvonchimiz ham bir. Har doim aytaman: kurdlar, arablar va turklar go‘yo et bilan tirnoq kabidir. Kurd birodarlarimizning tinchligi, xavfsizligi va farovonligini terror tashkilotlari yoki tashqi kuchlarning manfaatlariga bog‘liq deb hisoblamaymiz. Turkiyaning mezoni etnik kelib chiqish emas, terrorizm, zo‘ravonlik va milliy xavfsizligimizga tahdiddir. Mintaqamizdagi hech bir jamoa boshqa davlatlarning manfaatlari yo‘lida olib borilayotgan to‘qnashuvlarga jalb etilmasligi kerak degan fikrdamiz», — dedi.