Isroil armiyasi bugun yana uch nafar falastinlik umriga zomin bo‘ldi va G‘azoning turli hududlariga qarshi bir qator havo hujumlari uyushtirdi.
Anado‘lu (Andolu) axborot agentligiga ma’lumot bergan sog‘liqni saqlash manbasiga ko‘ra G‘azo janubida, Rafoh shahrining shimoli - g‘arbida, sulh kelishuvi asosida armiya chekingan hududda Isroil droni tomonidan o‘q uzilishi oqibatida falastinlik bir kishi halok bo‘lgan.
Boshqa bir tibbiy manba esa Isroil armiyasi bir nafar baliqchini o‘ldirganini bildirdi.
Mahalliy manbalarning ma’lum qilishicha yakshanba kuni (04.01.2026) erta tongda Isroil Harbiy - dengiz kuchlari G‘azo janubidagi Xon Yunus va Rafoh sohillarida o‘t ochgan.
Tibbiy manbalardan yana biri Rafohning shimoli - g‘arbiy chekkalarida falastinlik yana bir kishi Isroil kuchlari tomonidan boshidan o‘q yeb, tan jarohati olgani va uning ahvoli hozirda og‘ir ekanini ma’lum qildi.
Mahalliy manbalar falastinlik yaralangan hudud sulh kelishuvi doirasida Isroil armiyasi chekingan joylardan biri ekanini ta’kidladi.
Anado‘lu (Anadolu) axborot agentligiga intervyu bergan tibbiy xodimning aytishicha, kelishuvga muvofiq armiya chekingan Xon Yunus shahrining janubidagi Jura al - Lut hududida 15 yoshli bir bola Isroil o‘qidan halok bo‘lgan.
Sog‘liqni saqlash xodimlari va guvohlar Anado‘lu (Anadolu) axborot agentligiga G‘azo markazida joylashgan Dayr al - Baloh sohillari yaqinida Isroil Harbiy - dengiz kuchlari o‘t ochishi ortidan falastinlik yana bir kishi yaralanganini bildirdi.
Isroil qiruvchi samolyotlari, shuningdek, Rafohning shimoliy va g‘arbiy qismlaridagi turli hududlarga qarshi ham havodan bir necha bor zarba berdi.
Shu bilan birga, Isroil armiyasi kelishuv doirasida nazorati ostida qolgan hududlarga artilleriya o‘qi yog‘dirdi va Xon Yunusning sharqida turar - joy binolarini vayron qildi.
Bundan tashqari, Isroil Harbiy - havo kuchlari G‘azoning shimoliy hududlari bilan G‘azo shahrining sharqiy qismiga qarshi bir nechta bor havo hujumi uyushtirdi.
G‘azoning ichki hududlarida esa Isroil harbiy texnikalari Burayj qochqinlar lagerining sharqiy qismlariga nisbatan tartibsiz ravishda o‘t ochdi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra joriy yilning 10 - oktabri kuni kuchga kirgan sulh kelishuvidan beri Isroil armiyasi yuzlab qonunbuzarliklarni sodir etgan. Shu doirada falastinlik 420 kishi halok bo‘lar ekan, 1 ming 184 kishi yaralangan.
Sulh kelishuvidan maqsad 71 ming 400 kishi hayotiga zomin bo‘lgan, 171 ming 200 dan ortiq inson jarohatlangan va mintaqani vayronaga aylantirgan Isroilning 2 yillik urushini yakunlash edi. Eslatib o‘tamiz, jon bergan yoki halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi ayollar va bolalardan iborat.










