TURKIYA
1 daqiqa o'qish
Erdo‘g‘an: Turkiya-YI aloqalari strategik ahamiyatga ega
Istanbulda Belgiya qirolichasi Matildani qabul qilgan Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Bojxona ittifoqini yangilash Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik yo‘lidagi muhim masalalardan biri ekanini ta’kidladi.
Erdo‘g‘an: Turkiya-YI aloqalari strategik ahamiyatga ega
Prezident Toyyib Erdogʻan Emine Erdogʻan hamrohligida Istanbuldagi Vahdettin saroyida Belgiya qirolichasi Matilda bilan uchrashmoqda, 2026-yil 11-may. / AA

Turkiya Prezidenti Recep  Tayyip Erdo‘g‘an so‘nggi davrdagi mintaqaviy va xalqaro jarayonlar Turkiya-Yevropa Ittifoqi munosabatlarining geosiyosiy ahamiyatini yana bir bor namoyon qilganini bildirdi.

Erdo‘g‘an bu fikrlarni dushanba kuni Istanbulda Belgiya qirolichasi Matilda bilan o‘tkazgan uchrashuvi davomida aytdi. Turkiya Aloqa boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda Turkiya-Belgiya ikki tomonlama aloqalari bilan bir qatorda mintaqaviy va global masalalar ham muhokama qilindi.

Aloqa boshqarmasi X platformasidagi bayonotida:
“Prezident Erdo‘g‘an Turkiyaning Yevropa Ittifoqining mudofaa tashabbuslarida ishtirok etishi umumiy manfaatlarga xizmat qilishini ta’kidladi,” deyiladi.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiya va Belgiya savdo, mudofaa sanoati, energetika va qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalarda muhim hamkorlik salohiyatiga ega ekanini bildirib, ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlar davom etishini qayd etdi.

Turkiyaning xalqaro maydondagi diplomatik roli tobora ortib borayotganiga e’tibor qaratgan Erdo‘g‘an mamlakat joriy yil 7-8 iyul kunlari Anqarada NATO yetakchilari sammitiga hamda 9-20 noyabr kunlari COP31 iqlim konferensiyasiga mezbonlik qilishini ma’lum qildi.

Turkiya Prezidenti yashil energetikaga o‘tish Belgiya bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, Turkiyaning qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari bo‘yicha Yevropaning yetakchi davlatlari qatoridan joy olganini bildirdi.

Erdo‘g‘an uchrashuv davomida qirolicha Matildaning turk ishbilarmon doiralari bilan olib borayotgan aloqalari amaliy natijalar berishiga umid bildirdi.