Butun AQShni qoplagan va tarixiy darajada kuchli bo‘lishi mumkinligi aytilayotgan qishki bo‘ron havo qatnoviga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Qatnovlarni kuzatish xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra dushanba kunigacha 14 mingdan ortiq havo qatnovi bekor qilingan.
FlightAware ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki shanba kuni (24.01.2026) 3 ming 898 ta qatnov bekor qilingan, yakshanba kuni esa 8 ming 822 ta qatnov; dushanba kuni esa bunga qo‘shimcha ravishda 1 ming 549 ta qatnov bekor qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, shanba kuni 3 ming 4 ta qatnovda kechikish qayd etilgan.
Bo‘ron shanba kunidan boshlab AQShning janubi - g‘arbidаn shimoli - sharqigacha cho‘zilgan keng hududga ta’sir qilishi kutilmoqda, millionlab inson uchun favqulodda holat e’lon qilindi.
AQSh Milliy ob - havo xizmati Oklahomadan Janubiy Meyngacha kuchli qor yog‘ishi kutilayotgani, janubiy va janubi - sharqiy shtatlarda esa keng miqyosda muzlaydigan yomg‘ir va qor - yomg‘ir (suvli qor) kuzatilishini ma’lum qildi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp avvalroq rekord darajadagi sovuq havo to‘lqini o‘nlab shtatlarni qamrab olishi haqida ogohlantirgan edi. Tramp, 12 shtat uchun favqulodda holat e’lon qilinishini tasdiqladi; kamida 22 shtat bilan Vashington (DC)da favqulodda holat joriy etildi.
Elektr ta’minotidagi uzilishlar
Elektr uzilishlari soni ham ortib bormoqda. PowerOutage.com ma’lumotlariga ko‘ra mahalliy vaqt bilan soat 18:30 holatiga 130 mingdan ortiq amerikalik abonent elektr ta’minotisiz qolgan. Uzilishlarning yirik qismi Texas va Luiziana shtatlarida jamlangan.
AQSh Milliy ob - havo xizmati ayniqsa mamlakatning janubi - sharqida noodatiy darajada keng hududni qamrab oladigan va uzoq davom etadigan qishki bo‘ron kuzatilishi haqida ogohlantirib, uning ayrim joylarda vayronkor oqibatlar tug‘dirishi mumkinligini ifoda etdi.
Meteorologiya mutaxassislari dushanba kunigacha AQShning Buyuk tekisliklar (Great Plains) mintaqasida rekord darajada past haroratlar va xavfli darajada kuchli seziladigan sovuqlar ta’siri kuchayishi mumkinligini qayd etgan edi.
















