Turkiya Riyodda bo‘lib o‘tgan koalitsiya yig‘ilishida Suriyada DEASh terror tashkilotiga qarshi olib borilgan kurashda yagona va muvofiqlashtirilgan yondashuvga chaqirib, Suriyaning terrorizmga qarshi kurashdagi rolini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Tashqi Ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra Turkiya Tashqi Ishlar vaziri o‘rinbosari, elchi Musa Kulaklikaya DEAShga qarshi Xalqaro koalitsiya Siyosiy direktorlar yig‘ilishida Anqaraning pozitsiyasiga e’tibor qaratdi.
O‘z nutqida Kulaklikaya Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish va integratsiya jarayonining mamlakat hududiy yaxlitligi hamda birligi asosida yakunlanishining muhimligini ta’kidladi.
Kulaklikaya bu qadamlar Turkiyaning milliy xavfsizlik ustuvorliklari doirasida to‘liq amalga oshirilishi muhimligini qayd etdi.
Vazir o‘rinbosari, shuningdek, DEAShga qarshi kurashda koalitsiya a’zosi bo‘lgan Suriya yagona qonuniy hamkor sifatida qabul qilinishi zarurligini ta’kidlar ekan ayni vaqtda Suriyaning terrorizmga qarshi kurash salohiyatini kuchaytirish uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash va tashkilotga qarshi kurash samaradorligini saqlab qolish jihatidan shart ekanini bildirdi.
Kulaklikaya koalitsiya doirasida muvofiqlashtirilgan va qamrovli yondashuv butun mintaqada barqaror xavfsizlik natijalariga hissa qo‘shishini ham o‘z so‘ziga ilova etdi.
DEAShga qarshi tuzilgan Global koalitsiya terror tashkilotiga qarshi siyosiy, harbiy va barqarorlik sa’y - harakatlarini muvofiqlashtirish uchun xalqaro hamkorlarni birlashtiradi.


















