Eronning Islom Inqilobiy gvardiyasi (EIIG), AQSh Eronga qarshi yangi hujumlar uyushtirishi ortidan muhim Ho‘rmuz bo‘g‘ozi barcha kemalar uchun yopilganini ma’lum qildi.
EIIG payshanba kuni erta tongda o‘zining rasmiy Telegram kanali orqali e’lon bergan bayonotida: “Mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat sababli Ho‘rmuz bo‘g‘ozi neft tankerlaridan tortib tijoriy kemalargacha bo‘lgan har qanday kemaga zudlik bilan yopildi”, — deya bildirdi.
Bayonotda, “Bo‘g‘ozdan o‘tishga uringan har qanday kema nishonga olinadi”, - deyiladi.
Strategik dengiz yo‘lagidagi qatnov urush tufayli bir necha oydan buyon keskin kamaygan. JPMorgan moliyaviy ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘g‘oz orqali amalga oshirilayotgan tranzitlar urushdan avvalgi darajaning atigi 15 foizini tashkil etmoqda.
Mojaro boshlanganidan buyon Eron Inqilob qo‘riqchilaridan ruxsat olmagan holda hududdan o‘tuvchi har qanday kemani nishonga olish bilan tahdid qilib kelmoqda.
O‘tgan oy ushbu tanlangan harbiy tuzilma strategik dengiz yo‘lagi orqali harakatlanishni istagan xalqaro tijoriy kemalar uchun yangi qat’iy qoidalar va tartiblarni ham e’lon qilgan edi.
To‘liq blokada
EIIG - ning to‘liq blokada haqidagi bayonoti tashkilotning “Amerika tajovuzi davom etmoqda” degan bahosi hamda AQShning Eron janubidagi Ho‘rmuzgon viloyatiga uyushtirgan so‘nggi hujumlaridan keyin qayd etildi.
EIIG, AQShning tijoriy kemalarning bo‘g‘oz orqali xavfsiz harakatlanishi davom etayotgani haqidagi iddaolarni ham qat’iy rad etdi.
Mazkur voqealar Eron ommaviy axborot vositalari Bandar Abbos, Minob, Jask, Keshm va Sirik kabi mamlakat janubidagi hududlarda keng ko‘lamli portlashlar; havo hujumidan mudofaa tizimlarining faol harakati va kutilmagan havo zarbalari kuzatilgani xabar qilinishidan keyin yuz berdi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) esa avvalroq Amerika kuchlari Eron hududidagi bir nechta harbiy nishonlarga yangi zarbalar berganini ma’lum qilgan edi.













