Shimoliy Koreya rahbari Kim Jong-un, Rossiyada halok bo‘lgan shimoliy koreyalik askarlarni milliy sadoqat ramziga aylantirar ekan, Pxenyan va Moskva o‘zaro mudofaa kelishuvini yana bir bor tasdiqladi.
Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi KCNA xabariga ko‘ra, rahbar Kim Jong-un Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan xalqaro siyosiy vaziyat yuzasidan o‘tkazgan uchrashuvdan so‘ng, mamlakati Rossiya siyosatini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
Andrey Belousov ham ishtirok etgan delegatsiya Shimoliy Koreyada, Rossiyaning Kursk hududida janglarda halok bo‘lgan shimoliy koreyalik askarlarni xotirlash marosimida qatnashdi.
KCNA ma’lumotiga ko‘ra, marosimda so‘zga chiqqan Kim:
“Shimoliy Koreya hukumati suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish masalasida Rossiya siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etadi,” dedi.
Ikki davlat 2024-yilda o‘zaro mudofaa kelishuvini imzolagan edi. Shimoliy Koreya Kursk hududida Rossiya kuchlari bilan birga Ukraina qarshi janglarda qatnashish uchun taxminan 14 ming askar yuborgan.
Janubiy Koreya, Ukraina va G‘arb rasmiylariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda 6 mingdan ortiq shimoliy koreyalik askar halok bo‘lgan.
Munosabatlar chuqurlashmoqda
Kim, Rossiya parlamenti spikeri Vyacheslav Volodin bilan ham uchrashib, strategik sheriklik kelishuvi doirasida ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish niyatini yana bir bor ta’kidladi.
Bu niyat Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan yozilgan maktubda ham o‘z ifodasini topdi. Unda:
“Rossiya va Shimoliy Koreya birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali keng qamrovli strategik sheriklikni mustahkamlashda davom etadi,” deyiladi.
Kim, Kursk hududida jang qilgan shimoliy koreyalik askarlarni fidoyilik va sadoqat ramziga aylantirish yo‘lida izchil qadamlar tashlamoqda.
Yakshanba kuni yodgorlik oldida qo‘lyozma tarzda yozgan xabarida Kim:
“Shahidlarning ruhi, ular himoya qilgan buyuk sharaf bilan abadiy yashaydi,” dedi.














