AQSh Prezidenti Donald Tramp hozircha Eronga qarshi yangi harbiy amaliyot uyushtirishga ehtiyoj yo‘qligini ifoda etdi.
Donald Tramp Oq uyning brifinglar zalida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarning dolzarb mavzularga oid savollariga javob berdi.
AQSh Prezidenti unda: «Hozircha Eronga qarshi harbiy amaliyot uyushtirish unchalik zarurdek ko‘rinmayapti ammo har qanday ehtimolga qarshi tayyormiz», - dedi.
28 - fevralda Eron bilan boshlangan urush yakunlanish bosqichiga kirganini ta’kidlagan Tramp: «Mojaroni yakunlash borasida ijobiy siljishlar kuzatilmoqda. Menimcha, u juda yaqin orada yakunlanadi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
AQSh Prezidenti Isroil va Yaqin Sharq mintaqasi Eron tahdididan himoyalangani, Eron esa yadro quroliga ega bo‘la olmasligini bildirdi. Shu bilan birga, Eron bilan muzokaralar yaxshi ketayotgani va jarayon yaqin orada yakunlanishidan umidvorligini o‘z so‘ziga ilova etdi.
«Hech narsaga kafolat bera olmayman».
Boshqa bir savolga javob berar ekan, Tramp, AQSh hozircha faqat mavjud vaziyatni saqlab qolayotgani ammo Eron bunga zid qadam tashlagan taqdirda zarur choralar ko‘rilishini bildirdi.
U o‘z so‘zida shuningdek: «Hech narsaga kafolat bera olmayman ammo ortga qaytishimizga to‘g‘ri kelsa, har qanday vaziyatga tayyormiz. Agar majbur bo‘lsak, bu masalaga juda jiddiy yondashamiz. Biz to‘liq shay holatdamiz. Yana bir yangi aviatashuvchi kemamiz bor. Ularning barchasi eng yangi va ajoyib uskunalar bilan to‘liq jihozlangan. Umid qilamanki, ulardan foydalanishga to‘g‘ri kelmaydi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
AQSh Eron bilan kelishuvga erishish umidini saqlab qolayotganiga e’tibor qaratgan Tramp, Tehron bilan bu boradagi muzokaralar ijobiy tusda davom etayotganini yana bir bor ta’kidladi.

























