Suriya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Isroil armiyasi Suriyaning janubidagi Qunaytra viloyatiga yana bostirib kirib, bir cho‘ponni qo‘lga oldi.
“Alikhbariah” telekanalining ma’lum qilishicha, Isroil kuchlari Qunaytraning janubiy qismidagi Ar-Rafid shaharchasining g‘arbiy hududiga kirib borib, bir kishini qo‘lga olgan.
Ushbu hududda avval ham Isroil kuchlarining ko‘plab bosqinlari kuzatilgan. Telekanal juma kuni ham Ar-Rafidning g‘arbiy qismida Isroil kuchlarining yana bir bor kirib borgani qayd etilganini bildirdi.
Suriyaning janubi bir necha oydan buyon Isroil kuchlarining takroriy bosqinlari va hujumlariga, jumladan, tintuvlar, qo‘lga olishlar hamda harbiy nazorat punktlari tashkil etilishiga guvoh bo‘lmoqda.
Bu harakatlar 2024-yil dekabridan keyin kuchaydi. O‘shanda Isroil 1974-yilda tuzilgan Qo‘shinlarni ajratish to‘g‘risidagi bitim o‘z kuchini yo‘qotganini e’lon qilib, Suriyadagi bufer hududni nazoratiga olgan edi.
Bosqin AQSH vositachiligidagi muzokaralarga to‘g‘ri keldi
Suriya Arab axborot agentligi — SANA xabariga ko‘ra, quruqlikdagi ushbu harakat Suriya va Isroilning yuqori martabali delegatsiyalari Iordaniyada AQSH vositachiligida uchrashib, Isroilning so‘nggi hujumlaridan keyingi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan muzokaralar olib borayotgan paytda yuz berdi.
Tashqi ishlar vaziri Asad Hasan Shayboniy boshchiligidagi Suriya delegatsiyasi razvedka idoralari rahbarlari bilan birgalikda Isroil hujumlari, qo‘lga olishlar va bosqinlarni to‘xtatadigan amaliy mexanizmlarni yaratishga e’tibor qaratdi. Shuningdek, xavfsizlikka oid kelishuvni qayta tiklash masalasi ham muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Damashq Suriyaning suveren davlat ekanini va milliy armiyasini qayta tiklash hamda cheklovlarsiz o‘z hamkorlarini belgilash huquqiga to‘liq ega ekanini ta’kidladi.
Suriya ishg‘ol ostidagi Jo‘lon tepaliklari o‘z hududi ekanini yana bir bor tasdiqlab, asosiy talab Isroil kuchlarining 2024-yil 8-dekabrgacha egallagan pozitsiyalariga qaytishi va 1974-yilgi Qo‘shinlarni ajratish to‘g‘risidagi bitimning to‘liq tiklanishi ekanini bildirdi.



















