AQSh Prezidenti Donald Tramp Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olish maqsadida amalga oshirilgan misli ko‘rilmagan AQSh harbiy hujumlari ortidan, mamlakatda siyosiy oʻtish davri amalga oshguniga qadar uni boshqarib turishlarini bildirdi.
Tramp shanba kuni (03.01.2025) uyushtirilgan matbuot anjumanida: «Xavfsiz, tartibli va oqilona o‘tish davrini amalga oshira oladigan paytgacha mamlakatni boshqaramiz», — dedi va zarurat tug‘ilsa AQSh kuchlari ikkinchi marta oldingiga qaraganda yana - da kengroq hujum uyushtirishga tayyor ekanini oʻz soʻziga ilova qildi.
AQSh hujumlarining tafsilotlari haqida ham ma’lumot bergan Tramp, AQSh armiyasi Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot o‘tkaza olish uchun Venesuela poytaxti Karakasda elektr ta’minotini vaqtincha o‘chirib, qorongʻilik (karartma) hosil qilganini qayd etdi.
Tramp Mar - a - Lago qarorgohida OAVga bergan bayonotida: «Qorong‘i edi. Bizdagi muayyan mutaxassislik sabab Karakasning chiroqlarining koʻpi o‘chirildi», — dedi.
U oʻz soʻzida shuningdek: «Bu Amerika tarixidagi eng ta’sirli, eng samarali va eng qudratli harbiy kuch hamda salohiyat namoyishlaridan biri bo‘ldi», - degan ifodalarga oʻrin berdi.
Tramp amaliyotda AQShning havo, quruqlik va dengiz kuchlari ishtirok etganini bildirdi.
AQShning koʻzi Venesuela neftida
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra Venesuela dunyodagi eng katta neft zaxiralariga ega ammo sarmoya yetishmasligi va AQSh sanksiyalari yuzasidan xom neft ishlab chiqarish quvvatining faqat bir qismidan foydalanmoqda.
Londonda joylashgan Energiya instituti ma’lumotiga ko‘ra Venesuela global neft zaxiralarining qariyb 17 foiziga — ya’ni 303 milliard barrelga egadir. Bu ko‘rsatkich bilan Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) yetakchisi Saudiya Arabistonidan ham oldinda turadi.
Zaxiralarning katta qismi Orinoko mintaqasidagi og‘ir neftdan iborat. Bu xom neftni ishlab chiqarishni qimmatga tushiradi, biroq AQSh Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, texnik jihatdan nisbatan oddiy hisoblanadi.
Tramp OAVga AQShning yirik neft kompaniyalari endi Venesuelaga kirishini bildirdi.
Bu borada AQSh Prezidenti Donald Tramp: «Biz yirik neft kompaniyalarimizni Venesuelaga olib kiramiz», — dedi.










