MADANIYAT
2 daqiqa o'qish
Istanbulda COP31 oldidan 20 ta hujjatli film namoyish etiladi
Antaliyada bo‘lib o‘tadigan COP31 oldidan Istanbulda iqlim inqirozining dunyoning turli hududlariga ta’sirini yorituvchi 20 ta hujjatli film namoyish etiladi.
Istanbulda COP31 oldidan 20 ta hujjatli film namoyish etiladi
_

Joriy 2026 - yilning 9 – 20 - noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkaziladigan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 31 - sessiyasi (COP31) oldidan Istanbulda iqlim inqirozining dunyoning turli hududlariga ta’sirini yorituvchi 20 ta hujjatli film namoyish etiladi.

Anado‘lu axborot agentligi (AA) muxbirining Turkiya Atrof - muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vazirligidan olgan ma’lumotiga ko‘ra COP ART doirasida tashkil etilgan «COP31 hujjatli filmlar kunlari» 27 – 28 - oktabr hamda 31 - oktabr va 1 - noyabr kunlari Istanbuldagi Atlas 1948 kinoteatrida bo‘lib o‘tadi.

Sundance, Kann, Berlin va Amsterdam xalqaro hujjatli filmlar festivali (IDFA) kabi nufuzli kinofestivallarda namoyish etilgan va mukofotlarga sazovor bo‘lgan filmlar dasturidan 9 ta to‘liq metrajli va 11 ta qisqa metrajli, jami 20 ta hujjatli film o‘rin olgan.

Barcha namoyishlar bepul bo‘ladi. Tomoshabinlar Amazon o‘rmonlari, Sibirning muzlagan yerlari, Falastinning zaytun bog‘lari, Mo‘g‘uliston yaylovlari, Keniyaning qurg‘oqchil hududlari va Turkiyadagi Salda ko‘li haqidagi hikoyalarni tomosha qilishlari mumkin.

Hujjatli filmlarda iqlim o‘zgarishining tabiat va inson hayotiga ta’siri, biologik xilma - xillikni saqlash, oziq - ovqat va suv xavfsizligi, mahalliy xalqlar huquqlari, ekologik tiklanish hamda iqlim siyosati kabi mavzular yoritiladi.

Dasturdan Salda ko‘li haqidagi hujjatli film ham o‘rin olgan

Dasturda Anado‘lu axborot agentligi tomonidan tayyorlangan va Atakan Kerkuklu rejissyorligidagi «Salda: Qizil sayyoraga ochilgan ko‘prik» hujjatli filmi ham namoyish etiladi.

Turkiya va AQSh olimlari ishtirokida tayyorlangan filmda Burdur viloyatidagi Salda ko‘lining geologik xususiyatlari va Mars tadqiqotlari o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida hikoya qilinadi.

Hujjatli film Salda ko‘lining ilmiy tadqiqotlar uchun ahamiyatini ochib berish bilan birga, tabiiy hududlarni muhofaza qilish zarurligiga ham alohida e’tibor qaratadi.