Rossiya aviatsiya idoralari dushanba kuni (22.06.2026) ko‘plab insonsiz havo transporti (dronlar) zararsizlantirilishi ortidan Moskvaning to‘rtta aeroporti faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatdi.
Moskva meri Sergey Sobyanin mavzu haqida Telegram orqali bergan bayonotida, shahar tomon harakatlanayotgan 59 ta insonsiz havo transporti yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Sobyanin qo‘shimcha tafsilotlarni keltirmagan holda, insonsiz havo transportlari qulagan hududlarga favqulodda xizmat xodimlari yuborilganini ham qo‘shimcha qildi.
Ma’lum qilinishicha, Kiyev Ukraina shaharlarining Moskva tomonidan bombardimon qilinishiga javoban Rossiya hududiga insonsiz havo transportlari uchirgan. Biroq Sobyanin insonsiz havo transportlari Ukrainadan kelgani haqida hech qanday bayonot bermadi.
Aviatsiyani nazorat qiluvchi idora ham o‘z bayonotida Sheremetyevo, Domodedovo, Vnukovo va poytaxt yaqinidagi Jukovskiy aeroportlarida parvozlar vaqtincha to‘xtatilganini, keyinchalik esa reyslar qayta tiklanganini bildirdi.
Rasmiylar aeroportlar mahalliy vaqt bilan soat 05:39 da (GMT 02:39) yana ochilganini ma’lum qildi.
Mazkur hujum o‘tgan hafta Moskvadagi yagona neftni qayta ishlash zavodi insonsiz havo transportlari hujumiga uchraganidan keyin sodir bo‘ldi.
Ta’kidlanishicha, bu 2022 - yilda boshlangan Rossiya – Ukraina urushi davrida Moskva poytaxtiga qarshi uyushtirilgan eng yirik hujum bo‘lib, unda Rossiya havo mudofaa tizimlari qariyb 200 ta insonsiz havo transportini urib tushirgan.
Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim mintaqasidagi Sevastopol shahri gubernatori Mixail Razvojayev Telegram orqali bergan bayonotida dushanba kuni (22.06.2026) o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha ochiq havodagi tadbirlar bekor qilingani va barcha ko‘cha chiroqlari o‘chirib qo‘yilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u fuqarolarni elektr energiyasi iste’molini kamaytirishga chaqirdi.
Rossiyaliklar uchun mashhur sayyohlik maskani hisoblangan Qrimda aholiga va xususiy korxonalarga yoqilg‘i sotish vaqtincha to‘xtatildi. Yoqilg‘i ta’minoti esa faqat asosiy xizmatlar hamda xavfsizlik uchun mas’ul davlat muassasalari bilan cheklab qo‘yildi.
















