SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Avstraliyada talabalar uchun viza qoidalari qiyinlashmoqda
Mazkur choraga ko‘ra, aksariyat chet ellik talabalarga turmush o‘rtog‘i va bolalarini olib kelish taqiqlanadi.
Avstraliyada talabalar uchun viza qoidalari qiyinlashmoqda
Ushbu oʻzgarishlar xalqaro taʼlimning Avstraliya iqtisodiyotiga qoʻshayotgan salmoqli hissasiga qaramay yuz bermoqda. (AFP arxivi)

Avstraliya xalqaro talabalar va ishchi-ta'til vizasiga ega bo‘lganlar uchun viza qoidalarini qattiqlashtirmoqda. Mazkur choraga ko‘ra, aksariyat chet ellik talabalarga turmush o‘rtog‘i va bolalarini olib kelish taqiqlanadi. Hukumat bu orqali mamlakatdagi migratsiya darajasini pasaytirishni maqsad qilgan.

Ichki ishlar vaziri Toni Berk payshanba kuni ushbu choralar e'lon qilinganini bildirib, ularni 2028-yilga borib yillik sof migratsiyani hozirgi taxminan 300 mingdan qariyb 225 ming nafarga tushirishga qaratilgan uzoq muddatli sa'y-harakatlarning bir qismi deb atadi.

Bu o‘zgarishlar immigratsiya va yashash xarajatlari avstraliyaliklar uchun asosiy tashvishlardan biriga aylangan hamda so‘nggi so‘rovnomalarda o‘ng qanotdagi «One Nation» partiyasining qo‘llab-quvvatlanishi ortib borayotgan bir paytda e'lon qilindi.

Shunga qaramay, Berk mazkur o‘zgartirishlar «One Nation» partiyasining ta'siri ostida amalga oshirilayotgani haqidagi taxminlarni rad etib, hukumat bu chora ustida siyosiy bahslardan ancha oldin ish boshlaganini ta'kidladi.

Talabalar va «Backpacker»lar uchun yangi qoidalar

Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra:

  • Xalqaro talabalar uchun ko‘p hollarda talaba vizasida ikkinchi darajali arizachilar sifatida turmush o‘rtog‘i yoki farzandlarini olib kelishga ruxsat etilmaydi.

  • Istisnolar Tinch okeani orollari va Janubi-Sharqiy Osiyoning ba'zi talabalariga nisbatan qo‘llaniladi.

  • Vizasini uzaytirmoqchi bo‘lgan xalqaro talabalar odatda o‘z ta'lim darajasini yuqoriroq bosqichga ko‘tarishi talab etiladi.

  • Hukumat ishchi-ta'til vizasini uzaytirmoqchi bo‘lgan sayohatchilar («backpacker»lar) uchun maxsus lotereya (ballot) tizimini joriy qiladi.

  • Tashrif vizalariga «no further stay» (yana qolmaslik) sharti qo‘shiladi. Bu egalariga masalan, turmush o‘rtog‘i vizasiga ariza topshirayotib Avstraliyada qolishni taqiqlaydi.

Pandemiyadan keyingi cho‘qqidan so‘ng migratsiya pasaymoqda

Bu o‘zgarishlar xalqaro ta'lim mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli hissa qo‘shayotgan bir paytda joriy etilmoqda. Masalan, 2025-yil iyunigacha bo‘lgan yilda mazkur soha Avstraliya iqtisodiyotiga 53,6 milliard Avstraliya dollari (38 milliard AQSh dollari) miqdorida daromad keltirib, mamlakatning to‘rtinchi yirik eksport mahsulotiga aylandi.

Shunga qaramay, chet ellik talabalar amaldagi hukumatning vaqtinchalik migratsiyani qisqartirish borasidagi sa'y-harakatlarining asosiy nishoni bo‘lib qolmoqda. So‘nggi to‘rt yil ichida talaba viza ariza to‘lovlari deyarli 300 foizga oshib, 2 500 Avstraliya dollariga yetdi. Shuningdek, ingliz tili talablari va ayrim bitiruvchilar uchun minimal jamg‘arma mezonlari ham kuchaytirildi.

Avstraliya 2022-yil fevralida ikki yillik COVID-19 cheklovlaridan so‘ng o‘z chegaralarini qayta ochgach, xorijdan keladigan sof migratsiya keskin ko‘paygan edi. Biroq shundan beri bu ko‘rsatkich pasayib bormoqda: 2025-yil 30-iyungacha bo‘lgan yilda xorijdan sof migratsiya 306 000 nafarni tashkil etib, 2023-yildagi 518 000 ko‘rsatkichidan sezilarli darajada kamaydi. E'tiborlisi, so‘nggi raqamlarning yarmidan ko‘prog‘i aynan xalqaro talabalar hisobiga to‘g‘ri keladi.