Eron juma kuni Livandagi elchisi hamda bir nechta livanlik siyosiy, harbiy va xavfsizlik mulozimlariga qarshi qaratilgan AQShning yangi sanksiyalarini qoraladi.
Bayonotda Eron Tashqi ishlar vazirligi o‘zining Livandagi vakili Muhammad Rizo Shayboniyga nisbatan AQSh Moliya vazirligi tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni "noqonuniy va asossiz" deb atadi.
Vazirlik bu qadamni "xalqaro huquq normalari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, xususan, davlatlarning milliy suverenitetini hurmat qilish kabi asosiy tamoyillarga AQSh hukmron elitasining hurmatsizligi hamda qonunsizligining navbatdagi namoyishi" deya taʼrifladi.
Eron, shuningdek, Livan parlamentidagi "Hizbulloh" fraksiyasiga aʼzo bir qancha deputatlar, "Amal" harakati vakillari hamda bir nechta livanlik harbiy va xavfsizlik mulozimlariga qarshi qo‘llangan AQSh sanksiyalarini ham qoraladi.
Payshanba kuni AQSh Moliya vazirligi "Hizbulloh"ga Livanning suverenitetini zaiflashtirishga imkon yaratganlikda ayblab, to‘qqiz nafar shaxsga nisbatan sanksiya joriy etdi va ularni "Livandagi tinchlik jarayoniga to‘sqinlik qilish hamda guruhning qurolsizlanishini qiyinlashtirish"da aybdor deb topdi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga "Hizbulloh"ga aloqador deputatlar Ibrohim al-Musaviy, Husayn al-Hoj Hasan, Hasan Fadlalloh va sobiq vazir Muhammad Fnaysh, shuningdek, Vashington tomonidan "Hizbulloh" bilan "muhim razvedka maʼlumotlarini" almashishda ayblangan bir nechta livanlik harbiy va xavfsizlik mulozimlari kiritilgan.
Ushbu qadam, 17-aprelda rasman kuchga kirgan va keyinchalik iyul oyi boshigacha uzaytirilgan AQSh vositachiligidagi o‘t ochishni to‘xtatish bitimiga qaramay, Isroilning Livanning turli hududlariga qarshi davom etayotgan hujumlari fonida amalga oshirildi.
Livan rasmiylariga ko‘ra, 2-martdan buyon Isroil Livanga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar o‘tkazib, 3 073 kishining hayotiga zomin bo‘ldi, 9 362 kishini yaraladi va 1,6 milliondan ortiq odamni — yaʼni mamlakat aholisining qariyb beshdan bir qismini — o‘z uy-joyini tark etishga majbur qildi.













