Turkiya chorshanba kuni (18.02.2026) NATO tarkibiga kirishining 74 - yilligini nishonlab, Yevropa - Atlantika xavfsizligidagi markaziy rolini yana bir bor tasdiqladi.
Turkiya Tashqi Ishlar vazirligi NSosyal ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida Anqara kuchli armiyasi, rivojlangan harbiy salohiyati va dinamik mudofaa sanoati bilan Yevropa -Atlantika xavfsizligiga muhim va keng ko‘lamli hissa qo‘shishda davom etayotganini qayd etdi.
Vazirlik, shuningdek, Turkiya 2026 - yilning 7 – 8 iyul kunlari Anqarada o‘tkaziladigan NATO sammitiga mezbonlik qilishini e’lon qilib, ittifoq ichidagi muhim o‘rnini yana bir bor ta’kidladi.
Bu orada NATO Matbuot xizmati kotibi Allison Hart seshanba kuni Turkiyani barqaror ittifoqchi va jamoaviy xavfsizlikka muhim hissa qo‘shayotgan davlat sifatida ta’rifladi.
Hart, Anado‘lu axborot agentligiga bergan intervyusida Anqaraning barqaror mudofaa sarmoyalari hamda NATO missiyalari bilan mashg‘ulotlaridagi faol ishtirokiga e’tibor qaratdi.
“Iyul oyida Anqarada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi NATO sammitini intiqlik bilan kutar ekanmiz, bugun Turkiyaning NATO tarkibiga kirganidan beri o‘tgan 74 yil davomida ittifoqqa qo‘shgan ko‘p qirrali hissasini yana bir bor ko‘rib chiqyapmiz”, - dedi Hart. U Turkiya NATOning ikkinchi eng yirik armiyasiga ega ekani va ittifoqdagi eng kuchli mudofaa sanoatlaridan biriga ega davlatlardan biri ekanini o‘z so‘ziga ilova etdi.
NATO missiyalarida faol rol
Turkiya ittifoq tarkibiga 1949 - yili tashkil etilishidan uch yil o‘tib, 1952 - yilning 18 - fevralida kirgan.
Turkiyaning Qora dengiz, Yaqin Sharq va Sharqiy O‘rta yer dengizi kesishgan nuqtadagi strategik joylashuvi mamlakatni 70 yildan ortiq vaqt davomida mintaqaviy inqirozlar va terrorizmga qarshi kurashning oldingi safida ushlab kelmoqda.
Bugun Turkiya dunyo bo‘ylab NATO amaliyotlari va missiyalariga hissa qo‘shayotgan ikkinchi eng yirik davlat hisoblanadi. Hozirda Kosovo kuchlariga (KFOR) qo‘mondonlik qilayotgan Turkiya, harbiy o‘rni jihatidan missiyaga eng katta hissa qo‘shayotgan davlatlar qatoriga kiradi.
Taxminan 2 000 nafar turk harbiy xizmatchisi TCG Anado‘lu amfibiya hujum kemasi yetakchiligidagi dengiz vazifalar guruhi bilan birga NATOning Steadfast Dart 2026 mashg‘ulotida qatnashmoqda.
Kengayib borayotgan mudofaa sanoati
Harbiy son bilan cheklanib qolmay, Turkiyaning mudofaa sanoati ham jadal tusda rivojlanib kelmoqda: mamlakat bo‘ylab 3 500 dan ortiq mudofaa kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, Yevropadagi 29 NATO a’zosi davlatlarda esa jami 2 800 ga yaqin kompaniya mavjud.
Turkiyada ishlab chiqarilgan qurolli insonsiz havo transportlari hozirgi jang maydonlaridagi samaradorligi sabab global dron bozorining 65 foizini tashkil etmoqda.
Turkiya 2020 – 2024 yillar oralig‘ida dunyoning eng yirik mudofaa mahsulotlari eksportchilari orasida 11 - o‘rinni egalladi.
Anqara NATOning 32 a’zosi orasida ittifoq byudjetiga hissa qo‘shish bo‘yicha 7 - o‘rinda.
Turkiyaning 2026 - yilda byudjetga 355 million dollar, 2030 - yilgacha esa jami 730 million dollardan ortiq hissa qo‘shishi kutilmoqda.













